
Turkmanistonning Ozarbayjon Respublikasidagi Elchixonasida Ozarbayjon Respublikasi Milli Mejlis deputatlari va Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi vakili ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda Turkmaniston TIV rasmiy saytida xabar berilgan.
Tadbir davomida 2025-yilda keng nishonlangan Turkmaniston doimiy Betarafligining 30 yilligi hamda uning xalqaro tinchlik, ishonch va barqaror rivojlanishni mustahkamlashdagi ahamiyati muhokama qilindi. Ishtirokchilar Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tegishli Rezolyutsiyalar orqali tan olingan doimiy Betaraflik huquqiy maqomi Turkmanistonning tinchliksevar tashqi siyosatining samarali vositasi bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Shuningdek, 2026-yilning Turkmanistonda “Mustaqil, doimiy Betaraf Turkmaniston – tulpor shiddatli orzular makoni” yili deb e’lon qilinishi mamlakatning tarixiy meros va milliy qadriyatlarga, tinch va barqaror taraqqiyotga sodiqligini ko‘rsatishi qayd etildi. Davlat ramzi sifatida turkman otining alohida o‘rni, urf-odatlar va ma’naviy qadriyatlar davomiyligi urg‘ulandi.
Davra suhbati davomida Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ilgari surayotgan xalqaro tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Turkmaniston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan 2028-yilni Xalqaro huquq yili deb e’lon qilish haqidagi tashabbusi xalqaro munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan muhim hissa sifatida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar Turkmaniston-Ozarbayjon parlamentlararo va ilmiy-ekspertlik hamkorligini yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Keywords