2028-yilgacha Qozog‘iston transchegaraviy savdo jarayonlarining barchasini onlayn shaklga o‘tkazadi
QazTrade savdo siyosatini rivojlantirish markazi eksportyor va importyorlar uchun davlat xizmatlarining raqamlashtirilish darajasini tahlil qildi, deb xabar beradi Kazinform.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq xizmatlarning 81 foizi allaqachon elektron shaklga o‘tkazilgan, qolgan 19 foizi esa hali ham qog‘oz shaklida amalga oshirilmoqda.
QazTrade vakillari ma’lum qilishicha, qolgan xizmatlarni uch yil ichida to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilgan.
Raqamlashtiriladigan xizmatlar qatoriga tovar kelib chiqishi sertifikatlari (СТ-1, СТ-2, СТ-3, A, EAV, Original), sinov protokollari, ekspertiza hujjatlari, xorijiy hududlardan o‘tish ruxsatnomalari, xalqaro yuk tarozilash sertifikatlari hamda ATA karnetlarini berish kiradi.
Savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Janel Kushukova raqamlashtirishni tezlashtirish uchun qo‘shni davlatlar bilan muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar qo‘shni davlatlar hujjatlarni qog‘oz shaklida qabul qilishda davom etsa, Qozog‘iston ikkala formatda parallel ishlashga majbur bo‘ladi. Shu sababli mamlakat Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarni ham raqamlashtirish jarayoniga qo‘shilishga undamoqda va ularga bepul texnologik yechimlarini taklif etmoqda.
Shuningdek, Qozog‘iston chegaralarida “CarGoRuqsat” elektron navbat tizimi joriy etilmoqda. U hozirda Xitoy, O‘zbekiston, Turkmaniston, Rossiya va Qirg‘iziston bilan chegaralarda muvaffaqiyatli ishlamoqda.
Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, bojxona postlarida sun’iy intellekt tizimi ham joriy etilmoqda. Bu tizim deklaratsiyadagi ma’lumotlarni tovarlarning haqiqiy suratlari bilan solishtirib, nomuvofiqliklarni avtomatik tarzda aniqlaydi. Hozirda tizim sinov bosqichida.
