Amerikalik olimlar yurakni operatsiyasiz tiklash uchun “yurak plastiri” yaratdilar
AQShning Mayo klinikasi olimlari yurak xurujidan so‘ng shikastlangan to‘qimalarni tiklashning yangi usulini ishlab chiqdilar. Ular yurak hujayralaridan tayyorlangan ingichka “plastir” yaratdilar, uni yurakka katta operatsiyasiz joylashtirish mumkin.
Plastir teri yoki qon hujayralaridan olingan ildiz hujayralaridan tayyorlanadi. Ushbu hujayralar yurak va qon tomir hujayralariga aylantiriladi va mikrotolali ingichka asosga joylashtiriladi. Plastir kichik kesim orqali yurakka kiritiladi va o‘zi ochilib, tibbiy elim yordamida mahkamlanadi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yangi usul:
-
yurakning nasos funksiyasini yaxshilaydi,
-
chandiq to‘qimalar hosil bo‘lishini kamaytiradi,
-
qon tomirlarning o‘sishini rag‘batlantiradi,
-
yallig‘lanishni pasaytiradi.
Olim Utsyan Chjuning aytishicha, yurak hujayralari infarktdan keyin o‘z-o‘zidan yangilanmaydi, shuning uchun bu texnologiya yurak to‘qimalarini bemorning o‘z hujayralaridan tiklash imkonini beradi.
Olimlar kelajakda bu usulni ochiq yurak operatsiyasiga kuchi yetmaydigan yoki yurak ko‘chirib o‘tkazishni kutayotgan bemorlarni davolashda qo‘llashni rejalashtirmoqda. Odamlar ustidagi sinovlar bir necha yildan so‘ng boshlanishi kutilmoqda.
