Aşgabat va Astana Turkman gazining Qozog‘iston hududi orqali yetkazib berish marshrutlarini muhokama qilmoqda
Aşgabat va Astana Turkmaniston tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali Xitoy, Eron va Janubiy Osiyo davlatlariga tranzit qilish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Bu haqida dushanba kuni “Kazinform” xalqaro axborot agentligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, hamkorlikni kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari energiya resurslarini qayta ishlash, saqlash va boshqarishni o‘z ichiga oladi. Ushbu yo‘nalishlar mintaqada yagona energetika makonini yaratish uchun muhim qadam hisoblanadi.
Turkmaniston tabiiy gaz zaxiralariga boy mamlakat bo‘lib, bu yo‘nalishda mintaqadagi hamkor davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Qozog‘iston esa turkman gazini tranzit qilish orqali energiya ta’minotini diversifikatsiya qilishni maqsad qilgan.
“Türkmengaz” davlat konserni va “QazaqGaz” kompaniyasi o‘rtasida texnologik muvofiqlikni ta’minlash va qo‘shma loyihalarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Muzokaralar natijasida “Galkynyş” gaz koni bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
“QazaqGaz” — Qozog‘istonning milliy gaz kompaniyasi bo‘lib, tabiiy gazni qazib olish, tashish, saqlash va sotish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, kompaniya mamlakatning gaz transporti infratuzilmasini rivojlantirish ustida ishlaydi.
