Malayziya 2026-yildan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklaydi

Nov 25, 2025 - 09:47
Malayziya 2026-yildan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklaydi

Malayziya bolalarning raqamli xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangi qoidalarning kuchga kirishiga tayyorlanmoqda. 2026-yildan boshlab Malayziya fuqarolariga 16 yoshga to‘lmaguncha ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish taqiqlanadi. Bu haqda mamlakatning aloqa vaziri Datuk Fahmi Fadzil The Star gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, yangi choralar “Madani” hukumatining onlayn xavfsizlik bo‘yicha keng qamrovli siyosatining bir qismi bo‘lib, yoshlarni internet makonida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan himoya qilishni maqsad qiladi. Yangi qoidalarning amalda bajarilishini ta’minlash uchun ijtimoiy tarmoqlar 2026-yildan boshlab foydalanuvchilarning shaxsini tasdiqlovchi elektron tizim — eKYCni joriy qilishi kerak. Ushbu tizim akkauntlarning faqat tasdiqlangan ma’lumotlar asosida yaratilishini ta’minlaydi.

Fahmi Fadzil bu bayonotni kiberfiribgarlik bo‘yicha xabardorlikni oshirish seminaridan so‘ng berdi. Unga ko‘ra, Malayziya xalqaro tajribani ham sinchiklab o‘rganmoqda. Misol uchun, Avstraliya kelasi oy ijtimoiy tarmoqlar uchun yosh cheklovlarini joriy qiladi.

— “Har bir davlatning o‘z yondashuvi bor. Biz ularning muvaffaqiyatli tajribalarini o‘rganib, mamlakatimiz sharoitlariga moslashtirishni maqsad qilamiz,” — dedi vazir.

Qonun yoshlarni internetdagi axborot, psixologik va ijtimoiy xavf-xatarlardan yanada kuchliroq himoya qilishga qaratilgan. Shuningdek, vazir ota-onalarni bolalarning ekran vaqtini kamaytirishga, ochiq havoda ko‘proq shug‘ullanishga va raqamli qurilmalardan foydalanishni nazorat qilishga chaqirdi.