Abu-Dabi Madaniyat va turizm departamenti «Guggenheim Abu Dhabi» muzeyi 2026-yil 11-dekabrda foydalanishga topshirilishini rasman tasdiqladi. Saadiyat orolining Madaniyat hududida joylashgan ushbu loyiha ilk bor 2006-yilda taqdim etilgan edi. Qurilish ishlari 2011-yilda boshlanib, tanaffusdan so‘ng 2019-yilda qayta tiklandi.
Yangi muzey dunyodagi to‘rtta Guggenxaym filialining eng yirigi bo‘ladi. Hozirda muzeyning boshqa filiallari Nyu-York, Venetsiya va Bilbaoda joylashgan. Majmuaning umumiy maydoni 80 ming kvadrat metrni tashkil etib, shundan 11,6 ming kvadrat metri yopiq galereya binolari (30 ta galereya) va 23 ming kvadrat metri ochiq ko‘rgazma maydonlaridan iborat.
Bino loyihasi mashhur me'mor Frenk Geri tomonidan ishlab chiqilgan. Binoning asosiy me'moriy xususiyati markaziy atrium atrofida joylashgan, balandligi 88 metrgacha yetadigan o‘nta konussimon inshootdir. Ulardan to‘qqiztasi zanglamaydigan po‘lat to‘r bilan qoplangan, bittasi esa oniks toshi va oynadan qurilgan.
Muzey kolleksiyasi 2009-yildan beri shakllantirilmoqda va u asosan 1960-yildan keyingi zamonaviy san'at asarlarini o‘z ichiga oladi. Saadiyat orolida Luvr Abu-Dabi (2017) va Zayd milliy muzeyi (2025-yil dekabr) faoliyat ko‘rsatmoqda. Noyabr oyida esa Abu-Dabida birinchi marta «Frieze Abu Dhabi» xalqaro san'at yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.