Germaniyaning Volkswagen konserniga qarashli Audi avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi AQShning Jorjiya shtatidagi Meykon shahrida o‘zining ilk ishlab chiqarish zavodini qurishni rejalashtirmoqda. Kompaniya ushbu loyiha uchun qariyb 4 milliard dollar sarmoya kiritishni ko‘zda tutmoqda.
Dastlab AQSh prezidenti Donald Tramp loyiha uchun 4,2 milliard dollar miqdoridagi sarmoya kiritilishini aytgan edi. Keyinchalik Audi kompaniyasi yangi zavod qurish rejasini tasdiqlab, investitsiyalar hajmi 4 milliard dollarni tashkil etishini ma’lum qildi.
Zavod qurilishini 2027-yilda boshlash rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish esa 2030-yillarning boshida yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yangi korxonada taxminan 4,5 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati qariyb 200 mingta avtomobilni tashkil etadi. Reuters agentligining xabar berishicha, korxonada Audi Q7, Q8 va Q9 rusumidagi krossoverlarni ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Donald Tramp ushbu loyihani so‘nggi vaqtlarda AQSh avtomobilsozlik sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiyalardan biri sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, amaldagi bojxona tariflari kompaniyaning bunday qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatgan.
2025-yil aprel oyida AQSh Yevropada ishlab chiqarilgan avtomobillarga nisbatan bojxona tariflarini 2,5 foizdan 27,5 foizgacha oshirdi. AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida savdo kelishuviga erishilgach, bu ko‘rsatkich 15 foizgacha pasaytirildi.
Yangi zavodning ishga tushirilishi Audi kompaniyasining AQShdagi ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va Shimoliy Amerika bozoridagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.