Birlashgan Arab Amirliklari Universiteti olimlari ekologik jihatdan toza vodorod ishlab chiqarish imkonini beruvchi yangi usulni yaratdilar. Yangi texnologiyada cho‘l qumi, xurmo danaklaridan olinadigan bioko‘mir va nikel ishlatiladi.

Tdqiqotchilarning maqsadi mavjud tabiiy resurslar hamda qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan toza energiya manbasini ishlab chiqarishda foydalanishdan iborat bo‘ldi. Olimlar eng maqbul tarkibni aniqlash uchun turli nisbatdagi 30 turdagi arashmani sinovdan o‘tkazdilar.

O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida qum va bioko‘murning har biri 42,5 foizdan, nikel esa 15 foizdan iborat bo‘lgan aralashma eng yuqori samaradorlik ko‘rsatishi aniqlandi. Xurmo danaklaridan tayyorlangan bioko‘mir materialning g‘ovakligini oshirib, nikelning uning yuzasida tekis tarqalishiga sharoit yaratadi. Bu esa aralashmaning kimyoviy faolligini kuchaytiradi.

Laboratoriya sharoitida 500–600 daraja Selsiy oralig‘idagi haroratda o‘tkazilgan dastlabki sinovlar yangi material vodorod olish maqsadida metanni parchalay olishini ko‘rsatdi. Olimlarning fikricha, texnologiya kelgusida ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va qishloq xo‘jaligi chiqindilarini foydali mahsulotga aylantirishga yordam beradi.

Keyingi bosqichda tadqiqot guruhi yaratilgan materialning uzoq muddatli chidamliligini o‘rganishni va uning uzluksiz ishlash sharoitidagi samaradorligini tekshirishni rejalashtirmoqda.

Ushbu yondashuv cho‘l hududlarida ko‘p uchraydigan qum resurslari va qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan foydalangan holda vodorod kabi istiqbolli energiya manbasini ishlab chiqarish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.