Birlashgan Millatlar Tashkilotining amaldagi Bosh kotibi Antoniu Guterrishning vakolat muddati shu yil oxirida yakunlanishi munosabati bilan tashkilotning yangi rahbarini saylash jarayoni davom etmoqda. Nomzodlar arizalarini qabul qilish bosqichi yakunlanib, hozirgi vaqtda ushbu mas’uliyatli lavozimga to‘rtta asosiy nomzod ko‘rsatildi. BMTning bo‘lajak Bosh kotibini murakkab vazifalar kutmoqda.

Hozirgi vaqtda rasmiy ravishda to‘rt kishi — ikki erkak va ikki ayol nomzod ro‘yxatga olindi. BMT Bosh Assambleyasining amaldagi raisi Annalena Berbok ushbu lavozimga ayol kishi saylanishi tarafdori. Nomzodlar:

  • Mishel Bachelet (74 yosh, Chili): Chilining birinchi ayol prezidenti, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha sobiq Oliy komissari va “BMT-Ayollar” tashkiloti sobiq rahbari. Braziliya va Meksika tomonidan ilgari surilgan.
  • Rafael Grossi (65 yosh, Argentina): Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) rahbari. Argentina tomonidan ilgari surilgan.
  • Rebeka Grinspan (70 yosh, Kosta-Rika): Iqtisodchi, Kosta-Rikaning sobiq vitse-prezidenti va BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (YUNKTAD) Bosh kotibi. Kosta-Rika tomonidan ilgari surilgan.
  • Maki Sall (64 yosh, Senegal): Senegalning sobiq prezidenti, infratuzilmani rivojlantirish va siyosiy barqarorlik bo‘yicha katta tajribaga ega. Burundi tomonidan ilgari surilgan.

Yaqin kunlarda interaktiv muloqotlar o‘tkaziladi. Iyul oyidan boshlab Xavfsizlik Kengashida ovoz berish jarayonlari boshlanadi. Natijalar kuzning boshida ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.