Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Turkmaniston Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha turkman mutaxassislari uchun maxsus trening o‘tkazdi.
Malaka oshirishga qaratilgan onlayn trening BMTTDning moliya bozorlarining institutsional va me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda Turkmaniston Moliya va iqtisodiyot vazirligi hamda Ashxobod fond birjasi mutaxassislari ishtirok etdi.
«Qimmatli qog‘ozlar bozorini huquqiy tartibga solish va uning muhim masalalari» mavzusidagi treningda zamonaviy fond bozorlarining faoliyat yuritishining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, aksiyalar va obligatsiyalar chiqarishning huquqiy asoslari, brokerlik xizmatlarining o‘ziga xos xususiyatlari hamda depozitar faoliyat tamoyillari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Trening davomida ishtirokchilar ishonchli boshqaruv vositalaridan foydalanish, payli investitsiya fondlari faoliyati, birja savdolari va kliring operatsiyalari mexanizmlari bilan tanishdilar. Shuningdek, investorlar huquqlarini himoya qilish, bozordagi noto‘g‘ri amaliyotlarning oldini olish va moliya bozorlarini samarali tartibga solish bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganildi.
Trening turkman mutaxassislarining ushbu yo‘nalishdagi bilimlarini oshirish bilan bir qatorda, xalqaro tajribani milliy sharoitlarga moslashtirish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni ham taqdim etdi.
Tadbir natijalari qimmatli qog‘ozlar bozorining milliy infratuzilmasini takomillashtirish, uning me’yoriy-huquqiy bazasini mustahkamlash hamda Turkmaniston ichki moliya bozorining barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi samarali mexanizmlarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.