Dashog‘uz viloyatida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan yangi raqamli tizim sinovdan o‘tkazildi. Loyiha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Turkmaniston Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning CROPWAT 8.0 dasturi asosida Turkmanistonning iqlim sharoitlari va tuproq xususiyatlariga moslashtirilgan raqamli yechim ishlab chiqildi. Tizim ekinlarning sug‘orishga bo‘lgan ehtiyojini yanada aniq belgilash va suv resurslaridan tejamkor foydalanish imkonini beradi.
Yangi texnologiyaning dastlabki sinov maydoni sifatida Dashog‘uz viloyatining Saparmurat Turkmanboshi tumani tanlandi. Bu yerda 86 ming gektardan ortiq maydonda gidromodul zonalashtirish ishlari olib borildi. Tizim sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va meteorologik ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, turli qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun zarur bo‘lgan suv miqdorini hisoblaydi.
Bunday yondashuv ekin maydonlarining sug‘orishga bo‘lgan ehtiyojini ilmiy asosda aniqlash, suvning ortiqcha sarflanishining oldini olish va suv resurslaridan samarali foydalanishga yordam beradi.
Qishloq xo‘jaligiga raqamli sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida gidrotexniklar, agronomlar va tegishli oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun maxsus o‘quv-amaliy seminari ham o‘tkazildi.
Loyiha doirasida sug‘orish uchun zarur bo‘lgan suv miqdorini raqamli usulda hisoblash tamoyillarini oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga kiritish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, ushbu yondashuv qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishi ta’siriga moslashtirishda muhim vositalardan biriga aylanishi kutilmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.