
AQSh Prezidenti Donald Tramp FİFA prezidenti Janni Infantinoni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi lavozimida ko‘rishni istashi haqida «New York Post» nashri xabar bermoqda.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FİFA) prezidenti 2026-yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik va uni tashkil etish davrida Tramp bilan yaqin munosabat o‘rnatdi. U o‘tgan yilning dekabr oyida Trampga FİFA Tinchlik mukofotini topshirdi.
«New York Post» nashrining ta’kidlashicha, Tramp Infantinoni «dunyoda hamma tomonidan hurmat qilinishini» hisoblaydi va uning «odamlarni birlashtirishda alohida qobiliyati borligini» ta’kidlaydi.
BMTning yangi Bosh kotibi shu yil davomida saylanib, yil oxirida o‘z lavozimini yakunlaydigan portugaliyalik Antoniu Guterrishning o‘rnini egallaydi. Ushbu lavozimga saylanish uchun Infantino avvalo BMT Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosining qo‘llab-quvvatlashini olishi kerak. Ularning beshtasi veto huquqiga ega. Shundan so‘ng esa uning nomzodi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Keywords