Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi Dubai Gold District savdo majmuasida 2026-yil oxirigacha oltindan yasalgan dunyodagi ilk piyodalar yo‘lagini ochish rejalashtirilmoqda. Loyiha amalga oshirilsa, ushbu inshoot nafaqat Dubayda, balki butun dunyoda o‘ziga xos birinchi obyekt va dunyodagi eng uzun oltin piyodalar yo‘lagi bo‘ladi.

Dubai Gold District tijorat bo‘limining katta direktori Rashid Al-Hamudining ma’lum qilishicha, yangi obyekt yaqin ikki oy ichida ochilishi kutilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi savdo majmuasining sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish hamda Dubayning dunyodagi yetakchi oltin savdo markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashdan iborat.

Yangi piyodalar yo‘lagi mahalliy aholi va xorijiy mehmonlarga oltin bilan bezatilgan o‘ziga xos yo‘nalish bo‘ylab sayr qilish imkonini beradi. Ushbu tashabbus shaharning sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, oltin va zargarlik buyumlari savdosiga bo‘lgan xalqaro qiziqishni ham oshirishga qaratilgan.

Bundan tashqari, Dubai Gold District hududida oltin va zargarlik buyumlari savdosiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazma majmuasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Loyiha amalga oshirilsa, u Yaqin Sharqdagi ushbu yo‘nalish bo‘yicha eng yirik ko‘rgazma maydonlaridan biriga aylanadi.

Hozirda savdo majmuasida oltin va zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish hamda sotish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida infratuzilma kengaytirilmoqda. Shuningdek, yangi korxonalar uchun qo‘shimcha ofis va savdo maydonlarini yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Rashid Al-Hamudining prognoziga ko‘ra, kelgusi yil davomida o‘z faoliyatini Dubai Gold District hududiga ko‘chiradigan kompaniyalar soni 10–20 foizga oshadi.

Ushbu loyihalar Dubayning xalqaro sayyohlik markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash va uning oltin hamda zargarlik buyumlari savdosi bo‘yicha jahon bozoridagi ahamiyatini oshirishga qaratilgan.