
Gulshat Omurkulova, Xojambaz tumanidagi 21-oʻrta maktab oʻqituvchisi: Xalqimiz atrof-muhitga, tabiatga juda ehtiyotkorona munosabatda boʻlib, uni hamisha asrab-avaylab kelmoqda. Shunga koʻra, darslarda oʻquvchilarga ekologik madaniyat oʻrgatiladi. Ekologiya masalasi hozirgi davrning dolzarb yoʻnalishlaridan biri ekanligidan kelib chiqib, milliy qadriyatlarimiz va asil anʼanalarimizga tayangan holda, yosh avlodga chuqur ekologik bilim berish, jamiyatimizda ekologik madaniyatni mustahkamlash juda muhimdir. Ekologik taʼlim berish ekologik madaniyatni rivojlantirishning muhim vositasi boʻlib, u yoshlarda tabiatga boʻlgan toʻgʻri munosabatni tarbiyalaydi. Yosh avlodda bunday koʻnikmalarning shakllanishi ekologik xavfsizlikni taʼminlash va ekologik innovatsiyalarni joriy etishda erishilayotgan natijalarda yaqqol namoyon boʻladi. Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan davlat ekologik siyosatining asosiy maqsadi — tabiiy boyliklarimizdan oqilona foydalanish, oʻsimlik va hayvonot dunyosini boyitish, tabiatimizni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga yanada goʻzal holatda yetkazishdan iboratdir. Oʻquvchilarga ekologiya va atrof-muhit haqidagi tushunchalarni oʻrgatish orqali biz ularda Vatanimizga va tabiatimizga boʻlgan faxr tuygʻusini tarbiyalaymiz. Goʻzal tabiat oʻsimliklar dunyosi, tabiiy boyliklar, daryolar va dengizlardan tashkil topgan. Shuning uchun ham goʻzal tabiatga mehr bilan qarash, uning boyliklaridan oqilona foydalanish muhimdir. Tabiat suvidan foydalanilganda ham uni tejamkorlik bilan ishlatish zarurligini oʻquvchilarga tushuntiramiz. Maʼlumki, suvni tejashda ekinlarni tomchilatib sugʻorish usuli rivojlantirilmoqda. Ayniqsa, mevali daraxtlarning tomchilatib sugʻorilishi suvni tejash va moʻl hosil olishda foydali ekanligi haqida soʻzlab beramiz. Bunday misollar oʻquvchilarda goʻzal tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish, uning boyliklarini asrab-avaylash kabi koʻnikmalarni shakllantiradi.
Keywords