O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida elektrobuslar va kelgusida elektr yuk avtomashinalarini ishlab chiqaruvchi yangi korxonaning qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Loyiha Xitoyning «Xiang Yang Tenglong Automobile» va «GIG Investments» kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Loyihaning boshlang‘ich bosqichida elektrobuslar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusida korxonaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bilan birga elektr energiyasida ishlaydigan yuk avtomashinalarini ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan.
Yangi ishlab chiqarish korxonasi Yozyovon tumanidagi «Ijodkor» mahallasida joylashgan maxsus sanoat zonasining hududida, 10 gektar maydonda bunyod etiladi. Loyihaning umumiy qiymati 170 million dollar etib belgilandi.
Loyihaga muvofiq, korxonada yiliga 700 ta elektrobus ishlab chiqarish imkonini beruvchi quvvat yaratiladi. Korxonani 2027-yilning dekabr oyida ishga tushirish kutilmoqda.
Ishlab chiqariladigan elektrobuslarni nafaqat O‘zbekiston ichki bozoriga, balki tashqi bozorlarga ham chiqarish rejalashtirilgan. Bu esa yangi korxona mamlakatning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga munosib hissa qo‘shishini ko‘rsatadi.
Loyiha Farg‘ona viloyatining sanoat salohiyatini yuksaltirishga, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
Loyiha boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, tadbirkorlar va investorlar, jamoatchilik vakillari hamda mehnat faxriylari ishtirok etdilar. Tadbir davomida yangi korxonaning poydevoriga ilk tosh qo‘yildi va qurilish ishlariga rasman start berildi.
Yangi loyiha O‘zbekistonda elektr transport vositalari ishlab chiqarishni rivojlantirish va zamonaviy ekologik toza transport vositalari ulushini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarning muhim ishlab chiqarish tashabbuslaridan biri bo‘ladi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.