Buyuk Britaniyada davom etayotgan favqulodda issiq ob-havo va qurg‘oqchilik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, mamlakatda ayrim sabzavotlarning tanqisligiga olib keldi.
Hosildorlikning pasayishi natijasida ichki bozorda ayrim mahsulotlar, jumladan brokkoli va pomidor narxi sezilarli darajada oshdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ularning narxi avvalgi davrga nisbatan qariyb ikki baravar qimmatlashgan.
Dastlab fermerlar yuqori hosil olishni kutgan edi, biroq haddan tashqari issiq havo va uzoq davom etgan qurg‘oqchilik rejalashtirilgan natijalarga erishishga imkon bermadi. Bu haqda «news.by» xabar berdi.
Tanqislikni qoplash maqsadida chakana savdo do‘konlari, restoranlar va boshqa oziq-ovqat xizmatlari korxonalari brokkoli hamda salat mahsulotlarini asosan Ispaniya va Niderlandiyadan olib kelishni boshladi.
Shu bilan birga, mamlakatdagi 100 dan ortiq kompaniya oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirish va xorijiy importga qaramlikni kamaytirish maqsadida Buyuk Britaniya Bosh vaziriga murojaat qildi.
Mutaxassislarning fikricha, iqlim o‘zgarishi sababli haddan tashqari issiq davrlarning ko‘payishi qishloq xo‘jaligida yangi yondashuvlar va barqaror ishlab chiqarish usullarini talab qilmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.