AQSh oliy o‘quv yurtlarining yangi reytingi e’lon qilindi. «Forbes» jurnali 2027-yil uchun Qo‘shma Shtatlardagi eng yaxshi 25 ta davlat universitetini o‘z ichiga olgan ro‘yxatni taqdim etdi. Reytingda Kaliforniya OTMlari alohida ajralib turdi: shtatning to‘rtta universiteti ilk o‘ntalikka kirdi.
Ro‘yxatning birinchi o‘rnini Kaliforniya universitetining Berkli shahridagi bo‘limi — University of California, Berkeley egalladi. UC Berkeley nafaqat davlat universitetlari orasida, balki «Forbes»ning AQShdagi 500 ta yetakchi OTMni o‘z ichiga olgan umumiy reytingida ham yuqori natija ko‘rsatib, 9-o‘rinni egalladi.
Ikkinchi pog‘ona University of California, Los Angeles (UCLA) universitetiga nasib etdi. Ushbu oliy o‘quv yurti 2026-yilgi kuzgi semestr uchun yangi va boshqa universitetlardan o‘tayotgan talabalardan 177 mingdan ortiq ariza qabul qilib, murojaatlar soni bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi.
Uchinchi o‘rinda University of Michigan–Ann Arbor, to‘rtinchi o‘rinda University of California, San Diego, beshinchi o‘rinda esa Georgia Institute of Technology (Georgia Tech) joylashdi.
«Forbes» reytingidagi dastlabki o‘ntalik quyidagi universitetlardan iborat:
University of California, Berkeley
University of California, Los Angeles (UCLA)
University of Michigan–Ann Arbor
University of California, San Diego
Georgia Institute of Technology
University of Virginia
University of Illinois Urbana-Champaign
University of Washington–Seattle
University de Florida (University of Florida)
University of California, Davis (UC Davis)
UC Davisning ilk o‘ntalikka kirishi ham e’tiborni tortadigan natijalardan biri bo‘ldi. «Forbes» ushbu universitetning qishloq xo‘jaligi, veterinariya, iqlim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlaridagi imkoniyatlarini alohida ta’kidlaydi. Oliy o‘quv yurti oziq-ovqat tizimining kelgusidagi rivojlanishida sun’iy intellekt texnologiyalarining qo‘llanilishini o‘rganuvchi federal AI institutining markazi sifatida ham harakat qiladi.
UC Davis 2026–2027-o‘quv yili uchun birinchi kurs va transfer dasturlariga 122 271 ta ariza qabul qilib, murojaatlar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi.
«Forbes» ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda davlat universitetlariga bo‘lgan qiziqish ham ortib bormoqda. O‘tgan bahorda to‘rt yillik davlat OTMlarida bakalavr darajasida o‘qiyotganlar soni bir yil oldingi davr bilan solishtirganda 1,5 foizga oshib, 5,4 millionga yetdi.
Davlat universitetlarining ko‘proq tanlanish sabablaridan biri sifatida ularning, asosan tegishli shtat aholisi uchun, xususiy OTMlarga qaraganda ancha qulay va hamyonbop ekanligi ko‘rsatiladi.
Reyting tuzilayotganda universitetlarning nafaqat obro‘si, balki bitiruvchilarning o‘qishni tamomlash darajasi, ish va karyera natijalari, talaba qarzlari holati, bitiruvchilarning daromadlari va boshqa ko‘rsatkichlar ham e’tiborga olingan. «Forbes» umumiy reytingini 14 ta alohida ko‘rsatkich asosida tuzadi.
Yangi ro‘yxat AQSh davlat universitetlari ta’lim imkoniyatlari, ilmiy-tadqiqot ishlari va bitiruvchilarning kasbiy jihatdan rivojlanishi bo‘yicha yuqori natijalar bilan ajralib turishini ko‘rsatadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.