Grin-karta lotereyasi g'oliblarining barchasi ham viza olishga ulgurmasligi mumkin: AQSh Davlat departamenti ogohlantirishi
1 daqiqa o'qish

AQSh Davlat departamenti Diversity Visa (DV-2026) dasturi bo'yicha viza kvotasi moliya yili rasman tugaguniga qadar tugab qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bundan tashqari, umumiy viza kvotasi taxminan 52 minggacha qisqartirildi.
AQSh Davlat departamenti 2026-yil avgust oyi uchun e'lon qilingan viza byulletenida Diversity Visa (DV-2026) dasturi bo'yicha ajratilgan vizalar chegarasi moliya yili rasman tugamasdan oldin to'lib qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Hujjatga ko'ra, DV-2026 lotereyasi natijalari bo'yicha doimiy yashash huquqini (Grin-karta) olish imkoniyati faqat 2026-yil 30-sentyabrgacha amalda bo'ladi. Shundan so'ng, g'oliblar va ularning oila a'zolariga, hatto belgilangan kvota to'lmagan taqdirda ham, immigratsion vizalar berilmaydi. Davlat departamenti moliya yili oxirigacha vizalar mavjud bo'lishiga kafolat bera olmasligini, chunki belgilangan viza raqamlari muddatidan oldin tugab qolishi mumkinligini alohida ta'kidladi.
Joriy yilda dastur bo'yicha beriladigan vizalarning umumiy soni qonunchilikdagi o'zgarishlar tufayli 55 mingdan taxminan 52 minggacha kamaydi. Bu o'zgarishlar vizalarning bir qismi NACARA dasturi hamda 2024-moliya yili uchun qabul qilingan Milliy mudofaa haqidagi qonun (NDAA) talablariga muvofiq boshqa maqsadlar uchun yo'naltirilgani bilan bog'liq.
Avgust oyi uchun arizalarni qabul qilishning eng yuqori navbat raqamlari oltita geografik mintaqa bo'yicha belgilandi. Eng katta chegara Afrika mintaqasiga tegishli bo'lib, u 60 mingni tashkil etadi. Biroq Jazoir va Misr uchun alohida, pastroq chegaralar belgilangan. Osiyo mintaqasida bu ko'rsatkich 40 ming, Yevropa uchun esa 29 mingni tashkil etadi. Shimoliy Amerika davlatlari, jumladan, Bagama orollari uchun hech qanday cheklov ko'zda tutilmagan.
Viza byulletenida diversifikatsiya viza dasturi bilan bir qatorda oilani birlashtirish va mehnat immigratsiyasi bo'yicha ba'zi viza turlarining yangilangan sanalari ham chop etildi. Xususan, Davlat departamenti yaqin haftalarda Hindiston fuqarolari uchun EB-1 (ustuvor mutaxassislar) toifasi bo'yicha ko'zda tutilgan chegara to'lgan taqdirda viza berish vaqtincha to'xtatilishi xavfi borligini ma'lum qildi. Bunday holat EB-2 toifasi uchun ham yuzaga kelishi mumkinligi ta'kidlandi.
Davlat departamenti yuzaga kelgan vaziyat doimiy nazorat ostida ekanini va zarur bo'lgan taqdirda viza chegaralariga tegishli tuzatishlar kiritilishini xabar qildi.






Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.