
Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Transport vazirliklari hamda mashhur «KAMAZ» kompaniyasi hamkorligida, jahon logistikasi tarixida ilk bor haydovchisiz yuk avtomashinalarining xalqaro qatnovi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ushbu tarixiy loyiha Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari ishtirokida tantanali ravishda hayotga tatbiq etildi.
Innovatsion yuk mashinalari Qozog‘iston-Rossiya chegarasida joylashgan «Jana Jol» xalqaro nazorat-o‘tkazish punktidan to‘siqlarsiz o‘tib, belgilangan yo‘nalishlar bo‘ylab harakatlanishni ishonchli davom ettirdilar.
Xalqaro transport tizimida katta yuksalish bo‘lgan ushbu loyiha doirasida haydovchisiz texnologiyalar bilan jihozlangan yuk mashinalari qariyb 3 ming kilometrlik juda uzoq masofani bosib o‘tdilar. Raqamli va intellektual tizimlardan samarali foydalanilgani tufayli yo‘ldagi vaqt ikki barobardan ham ko‘proq qisqardi. Murakkab yo‘nalish jami ikki kecha-kunduz ichida muvaffaqiyatli bosib o‘tildi.
Yangi texnologiyalarning ishlab chiqarish va logistikaga joriy etilishi nafaqat vaqtni tejaydi, balki mintaqalararo tovar ayirboshlash tezligi hamda ishonchliligini tubdan oshirishga yo‘l ochadi.
Ikki qo‘shni davlat amalga oshirilgan dastlabki muvaffaqiyatli tajribadan kelib chiqib, hamkorlikni chuqurlashtirish, loyiha ko‘lamini kengaytirish va muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shma huquqiy bazani yaratish hamda haydovchisiz transportlar uchun zamonaviy yo‘l-transport infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan ishlarni davom ettiradilar.
Ushbu innovatsion loyiha mintaqada va dunyoda raqamli transport koridorlarini rivojlantirish hamda kelajakning yuqori texnologik logistikasini barpo etishning yorqin namunasi bo‘ldi.
Keywords