
Palmalar oilasiga mansub bo‘lgan finik (xurmo) daraxti, asosan, qurg‘oqchil hududlarda yetishtiriladi. Sekin o‘sadigan, ammo uzoq yashaydigan bu daraxtning bo‘yi 30 metrgacha yetadi. Tanasi tikanli, uzun va ingichka kulrang barglari bo‘lgan finik daraxti ikki jinsli bo‘ladi. Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda 6 ming yildan ortiq vaqtdan beri yetishtirilayotgan ushbu baland daraxt bir asrdan ko‘proq yashashi mumkin.
Palmalarning «arecaceae» oilasiga tegishli bo‘lgan finik daraxti Portugaliya, Ispaniya, O‘rta yer dengizi sohillarida va Janubiy Kaliforniyada yetishtiriladi. Finik daraxti ekilgandan so‘ng 4–8 yil oralig‘ida hosil bera boshlaydi. Hosil mavsumida har bir daraxtdan 70–140 kilogramm xurmo olish mumkin. Mayda xurmolarni qushlar va boshqa hasharotlar yeb ketmasligi uchun, pishishidan oldin finik daraxtining shoxlari uzun xaltachalar bilan o‘raladi.
Tropik va subtropik iqlimga moslashgan finik daraxti jidaga o‘xshash mevasi bilan taniladi. Finik xurmosi deb ataladigan bu meva yig‘ib olingach va quritilgandan so‘ng sotuvga chiqariladi. Mevaning rangi sarg‘ish-qizil yoki to‘q jigarrang bo‘ladi. Finik xurmosining tarkibida 63–64% shakar, A, E, K, B vitaminlari, uglevod, kaliy, magniy, temir va kletchatka mavjud. To‘yimliligi bilan ajralib turadigan bu meva lotinchada «ko‘tarish», yunonchada esa «barmoq» degan ma’nolarni anglatadi.
Finik xurmosi odatda danakli va danaksiz ko‘rinishda eksport qilinadi. Ramazon (Oraza) oyida eng ko‘p iste’mol qilinadigan shirinliklardan biri bo‘lgan kichik xurmoning bolli yoki shokoladli turlari ham sotiladi. Xurmoning maydalangan danagi kosmetika va dermatologiyada qo‘llaniladi. Bundan tashqari, ba’zi mamlakatlarda qahva qo‘shimchasi sifatida ham foydalaniladi. Finik xurmosi ko‘plab xalqlar madaniyatida dehqonchilik ramzi hisoblanadi.
Keywords