
Turkmaniston Ta’lim vazirligi tashkilotchiligida mamlakatimizdagi kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida «Kasbiy mahorat» («Hünär ussatlygy») tanlovining davlat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlov yoshlarning mehnat ko‘nikmalarini takomillashtirish, ularni kasbga yo‘naltirish hamda yuqori malakali ishchilarni tayyorlash maqsadida tashkil etildi.
Tanlov elektr montaji, kafel terish, g‘isht terish, santexnika, oshpazlik, qandolatchilik, bichish-tikish kabi turli yo‘nalishlarni qamrab oldi. Ishtirokchilar o‘zlariga berilgan topshiriqlarni belgilangan vaqt ichida, barcha texnologik talablarga rioya qilgan holda bajardilar. Shu bilan birga, ular mehnat va yong‘in xavfsizligi, sanitariya qoidalari, shuningdek, ekologiya talablariga rioya etish bo‘yicha o‘z mahoratlarini ko‘rsatishga erishdilar.
Tanlov davomida Turkmanobod shahar hokimligi tasarrufidagi Turkmaniston Qahramoni Gurbansoltan eje nomidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi tinglovchisi Omon Seytekov o‘zining mahorati bilan ajralib turdi. U «G‘isht terish» yo‘nalishi bo‘yicha bellashib, yuqori natijaga erishdi va sovrinli o‘ringa munosib topildi.
Tanlov yakunlari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan iste’dodli yoshlarga Turkmaniston Ta’lim vazirligining diplomlari, tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Bu muvaffaqiyat yosh mutaxassislarni tanlagan kasblari bo‘yicha yangi cho‘qqilarni zabt etishga ruhlantiruvchi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Keywords