Fasillar almashinuvi davrida mollar orasida turli yuqumli kasalliklarning yuzaga kelish xavfi ortadi. Shuning uchun chorvachilik xo‘jaliklarida veterinariya nazoratini kuchaytirish va kasalliklarning oldini olish choralarini o‘z vaqtida o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, yoz mavsumining yakunlanishi va kuz fasliga o‘tilishi bilan yirik shoxli mollar orasida efemer yoki «uch kunlik isitma» deb ataladigan yuqumli kasallik yuzaga kelishi mumkin. Bu kasallik qora mollarda o‘tkir epizootik shaklda kechib, qisqa muddatli isitma bilan tavsiflanadi.
Kasallik bilan kasallangan mollarda burun bo‘shlig‘i, og‘iz bo‘shlig‘i va qizilo‘ngachning shilliq qavatlarida yallig‘lanish, mushaklarning qotishi, harakatning qiyinlashuvi va oqsoqlanish kabi alomatlar yuzaga kelishi mumkin.
Efemer isitma turli mamlakatlarda, jumladan, Yaponiyada, Afrikaning ayrim mintaqalarida, Avstraliyada va Hindistonda qayd etilgan kasalliklardan biridir. Shuning uchun fasil almashinuvi davrida mollarning holatini muntazam nazorat qilib borish zarur.
Moldagi nosozlik yoki yuqorida zikr etilgan alomatlarning qaysi biri yuzaga kelgan taqdirda uni o‘zboshimchalik bilan davolashga urinmasdan, veterinariya mutaxassisiga murojaat qilish tavsiya etiladi. Kasallikni aniqlash va tegishli muolajani o‘tkazish faqat mutaxassisning tavsiyasiga ko‘ra amalga oshirilishi lozim.
Xo‘jaliklarda ozodalik qoidalariga rioya etilishi, mollarning holati doimiy nazoratda saqlanishi va kasalliklarning ilk alomatlarida tegishli xizmatlarga xabar berilishi yuqumli kasalliklarning tarqalishining oldini olishga yordam beradi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.