Markaziy Osiyoda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan, ammo keng jamoatchilikka u qadar tanilmagan ayollarning faoliyati va hayot yo‘lini keng tanitishga qaratilgan «Hidden Shero» loyihasiga start berildi.

Loyiha «Be Woman» tashabbusi tomonidan amalga oshirilmoqda. Uning doirasida Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning turli sohalarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning yutuqlari va jamiyatga qo‘shayotgan hissasi haqida ma’lumotlar yig‘ilmoqda.

Tashkilotchilar ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, fan, tadbirkorlik, xayriya va jamoat tashabbuslari kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning hikoyalarini qabul qilmoqdalar. Loyihaning asosiy maqsadi shunday xotin-qizlarning tajribasi va hayot yo‘lini hujjatlashtirish hamda kelgusi avlodlar uchun saqlab qolishdan iborat.

«Hidden Shero» loyihasida xotin-qizlar o‘zlarini ham nomzod qilib ko‘rsatishlari mumkin. Shuningdek, hamkasblari, do‘stlari yoki boshqa yaqin kishilari tomonidan nomzod sifatida ko‘rsatilishiga ham imkoniyat yaratiladi.

Loyihaning saralash mezonlariga ko‘ra, o‘z kasb yo‘nalishida haqiqiy natijalarga erishgan, yangi g‘oyalarni amaliy tashabbuslarga aylantira oladigan va jamiyat uchun foydali ishlari bilan ajralib turadigan xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarida kamdan-kam tilga olinadigan, o‘z ishlari bilan «soyada» qolayotgan ayollarning hikoyalarini yuzaga chiqarish maqsad qilingan.

Turkmanistonlik xotin-qizlar ham loyihada qatnashishlari mumkin. Nomzodlik uchun arizalar maxsus veb-sahifa orqali qabul qilinadi: bewoman.asia/hiddenshero.

Loyiha ishtirokchilarining shaxsiy ma’lumotlari maxfiyligiga alohida e’tibor beriladi. Barcha arizalar maxfiylik shartlarida ko‘rib chiqiladi. Ayolning hayot yo‘li va olib borayotgan ishi haqidagi ma’lumotlar faqat uning roziligi olingandan so‘ng jamoatchilikka taqdim etiladi.

«Hidden Shero» loyihasi Markaziy Osiyoda turli sohalarda mehnat qilib, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarning tajribasini keng jamoatchilikka yetkazish uchun yaratilgan tashabbuslardan biridir.