
Maya ORAZGYLYJOVA, Darganata tumanidagi 14-sonli o‘rta maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, boshlang‘ich xotin-qizlar tashkilotining faol a’zosi: Yurtimiz Mustaqilligi yillarida xalqimizning asrlar osha kelayotgan milliy merosini o‘rganish, boyitish, yangi ko‘rinishda takomillashtirish va kelajak avlodlarga yetkazish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Bu borada Qahramon Arkadag‘imiz tomonidan boshlab berilgan tub islohotlar va xalqimizning keng qo‘llab-quvvatlashiga sazovor bo‘lgan buyuk tashabbuslar alohida ta’kidlashga loyiqdir.
Bugungi kunda ushbu buyuk ishlar va tashabbuslar Arkadagli Qahramon Serdarimiz tomonidan Berqaror davlatning yangi davri Uyg‘onish zamonining yuksak talablari darajasiga ko‘tarilmoqda. Shuning uchun ham bu ishlar qishloq va shaharlarimizda keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buni milliy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan kigiz (keche) tayyorlash san’atining katta shuhrat qozonayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Zero, turkman kigizi xalqimizning qadimiy milliy merosi va boyligidir. Kigizchilik san’atining tarixi naqadar chuqur bo‘lsa, uni tayyorlash usuli ham shunchalik qiziqarlidir. Bu ko‘p mehnat talab qiladigan nozik san’at bo‘lib, mamlakatimizning har bir hududi o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra naqshlar bilan bezatiladi. Kigiz tayyorlashning asosiy xomashyosi keng sahrolarimizda boqilayotgan qo‘ylarimizning junidir.
Darganata shahri turg‘uni, faxriy ta’lim xodimi Amansoltan Kazakova ushbu nozik san’atning ustasi hisoblanadi. El orasida katta hurmatga sazovor bo‘lgan halol muallima yosh kelin-qizlarga ushbu hunarning sir-asrorlarini, ona-momoalarimizdan qolgan qadimiy an’analarni charchamay o‘rgatib kelmoqda. Amansoltan aya kigiz uchun kerakli bo‘lgan qamish, jun, turli bo‘yoqlar, kigizga solinadigan naqshlar va kigiz bosish haqida qiziqarli so‘zlab beradi.
Amansoltan aya maktabimizda uzluksiz 49 yildan beri o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelmoqda. U asosiy ishidan tashqari kigizchilik san’atini yoshlar orasida targ‘ib qilishda ham katta hissa qo‘shmoqda. O‘quvchilarning faol ishtirokida maktab muzeyiga ham asos soldi. Unda turli kigiz mahsulotlaridan tashqari, kattali-kichikli ko‘zalar, yog‘och va toshdan yasalgan idishlar, kelilar (soky), mis qumg‘onlar, gilam va palaslar bor. Amansoltan muallima muzeyni Darganata qal’asi tarixiga oid ma’lumotlar bilan ham boyitib bormoqda.
Faxriy o‘qituvchining bu sa’y-harakatlari yoshlarda ona Vatanimizga, milliy merosimizga muhabbat uyg‘otish bilan birga, ularning shonli tariximiz va madaniy qadriyatlarimizga bo‘lgan faxrini oshirmoqda.
Keywords