Ashxobod shahrida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Ashxoboddagi markazi ko‘magida Turkmaniston Ombudsmani devoni hamda Moldova Xalq advokati idorasi vakillari ishtirokida ikki kunlik kasbiy o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi muassasalarning kasbiy tajribasini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.
Moldovalik ekspertlar — Xalq advokati Cheslav Panko va bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Vasile Koroy seminar davomida fuqarolarning individual murojaatlarini ko‘rib chiqish usullari, dalillarni to‘plash va tahlil qilish tamoyillari, shuningdek, guvohlar hamda jabrlanuvchilar bilan suhbat o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlari haqida ma’ruzalar qildilar.
O‘quv dasturida bolalar huquqlarini himoya qilishning zamonaviy vositalari, ularning manfaatlariga rioya etilishini nazorat qilish usullari hamda ayollar huquqlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
YXHTning Ashxoboddagi markazi rahbari Uilyam Lif mustaqil inson huquqlarini himoya qiluvchi muassasalar o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish milliy darajada inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini izchil takomillashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Mazkur seminar Turkmaniston va Moldova tegishli muassasalari o‘rtasidagi kasbiy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida tajriba almashish uchun imkoniyat yaratdi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.