Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan birgalikda Cholpon-Ota shahridagi «Issyk-Kul Golf Resort» majmuasida golf klubining ochilish marosimida qatnashdilar.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiz Respublikasida davlat tashrifida boʻlib turibdilar. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon esa, Markaziy Osiyo — Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy sammitida qatnashish uchun Qirgʻizistonga ishchi tashrifi bilan bordi.

Yangi golf klubi Issiqkoʻl sohilida, koʻp tarmoqli sayyohlik majmuasi boʻlgan «Issyk-Kul Golf Resort» hududida joylashgan. Ushbu majmuaning umumiy maydoni 120 gektar boʻlib, shuning 103 gektarini golf klub egallaydi. Loyihaning amalga oshirilishi Issiqkoʻl viloyatiga nafaqat yoz oylarida, balki yilning boshqa fasllarida ham sayyohlarni jalb qilishda katta ahamiyatga ega. Shu tariqa, bu yerda yilning 10 oyi davomida golf oʻynash imkonini beruvchi maydoncha yaratildi.

Majmua hududida mehmonlarning ixtiyorida 80 oʻrinli mehmonxona ham bor. Bundan tashqari, bu yerda golf akademiyasini yaratish va turli darajadagi musobaqalarni oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Sayyohlik, sport va sogʻliqni saqlash maskanlarini oʻzida mujassam etgan bu yerda golf klubidan tashqari yana bir nechta toʻrt va besh yulduzli mehmonxonalar, restoranlar hamda obodonlashtirilgan qirgʻoq zonalari faoliyat yuritadi.

Ochilish marosimida qatnashgan davlat rahbarlari «Issyk-Kul Golf Resort» majmuasi hududida sayohat qilib, bu yerda golf oʻyinining boshlanishi munosabati bilan uyushtirilgan ramziy marosimda ishtirok etdilar.