Perenco Holdings kompaniyasi Turkmanistondagi ishlab chiqarishning so‘nggi bosqichiga yetgan neft-gaz konlarida uglevodorod qazib olish hajmini oshirish va zaxiralari cheklangan konlarni o‘zlashtirishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Armelle Simond Ashxobodda o‘tkazilayotgan “Turkmaniston nefti va gazi — 2026” (OGT 2026) XXXI xalqaro konferensiyasi va ko‘rgazmasidagi chiqishida ma’lum qildi.
Armelle Simondning ta’kidlashicha, Perenco so‘nggi 30 yil davomida uzoq vaqtdan beri foydalanib kelinayotgan konlarni samarali o‘zlashtirish hamda zaxiralari cheklangan resurslardan unumli foydalanish bo‘yicha maxsus tajriba to‘plagan. Bunday konlarda ish olib borish o‘ziga xos texnik yechimlar va katta miqdordagi kapital qo‘yilmalarni talab qiladi.
Kompaniya rahbari qazib olishning so‘nggi bosqichlarida yuzaga keladigan asosiy muammolarga ham e’tibor qaratdi. Ular orasida qatlam bosimining pasayishi, quduqlardan chiqadigan suv miqdorining ortishi va uskunalarning eskirishi bor. Ishlab chiqarish hajmini barqaror saqlash uchun ushbu holatlar qo‘shimcha texnik choralar va investitsiyalarni talab etadi.
Simondning so‘zlariga ko‘ra, Perenco avval burg‘ilangan quduqlarning imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishga intiladi. Buning uchun neftni mexanik usulda chiqarish, suyuqlikni sun’iy ko‘tarish tizimlarini qo‘llash, shuningdek, quduqlarda ta’mirlash va tiklash ishlarini amalga oshirish kabi texnologiyalardan foydalaniladi.
Kompaniya bosh direktori yetuk konlarni o‘zlashtirishda asosiy vazifalardan biri mavjud quduqlardan olinadigan mahsulot hajmini oshirish yoki uni imkon qadar yuqori darajaga yetkazish ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, u neft-gaz sohasidagi shartnomaviy mexanizmlar nafaqat yangi konlarni qidirish va o‘zlashtirish, balki ishlab turgan konlarni rivojlantirish uchun ham imkoniyat yaratishi kerakligini qayd etdi. Simondning fikricha, Turkmaniston hukumati tomonidan shartnomaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan so‘nggi qadamlar bunday loyihalarni hayotga tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Perenco kompaniyasining bosh ofislari London va Parij shaharlarida joylashgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, u 12 ta mamlakatda faoliyat yuritadi, qariyb 8 500 nafar xodimga ega va kuniga neft ekvivalentida qariyb 500 ming barrel mahsulot qazib chiqaradi. Kompaniya, asosan, yetuk neft-gaz konlarini o‘zlashtirish, ularning foydalanish muddatini uzaytirish, qirg‘oqqa yaqin sayoz dengiz hududlarida ishlash hamda suzuvchi suyultirilgan tabiiy gaz qurilmalari yordamida gaz resurslarini o‘zlashtirish bo‘yicha tajribaga ega.
Perenco kompaniyasining OGT 2026 tadbiridagi ishtiroki Turkmaniston neft-gaz sohasida qazib olish hajmini oshirish, mavjud konlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishga xizmat qilmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.