2026-yil 3-iyun kuni Bosh Assambleyada o‘tkazilgan saylovlar natijalariga ko‘ra, Qirg‘iziston 2027–2028-yillar davri uchun BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zolari tarkibiga ilk bor qo‘shiladi.

Saylovlarning to‘rtinchi bosqichida Qirg‘iziston 142 ta ovoz olib, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar guruhidan ajratilgan yagona o‘rin uchun raqiblik qilgan Filippindan ustun keldi.

Saylovlar natijalariga ko‘ra, Xavfsizlik kengashi tarkibiga quyidagi davlatlar ham kiradi:

  • Avstriya va Portugaliya — G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar guruhidan;
  • Trinidad va Tobago — Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasi davlatlari guruhidan;
  • Zimbabve — Afrika davlatlari guruhidan.

Saylovlarda g‘alaba qozonish uchun davlatlar a’zo mamlakatlar ovozlarining uchdan ikki qismini, ya’ni 127 ta ovozni to‘plashi kerak edi.

Xavfsizlik kengashi 15 ta davlatdan iborat. Ularning beshtasi — Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya — veto huquqiga ega doimiy a’zolardir. Qolgan o‘n nafar a’zo esa ikki yillik muddatga saylanadi.

2026-yil oxirida beshta doimiy bo‘lmagan a’zo — Gretsiya, Daniya, Pokiston, Panama va Somali vakolat muddati tugaydi. Ularning o‘rnini bugun saylangan davlatlar egallaydi.