Qirgʻiz Respublikasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon Respublikasi davlat rahbarlarining norasmiy maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

«Bizning norasmiy uchrashuvimiz kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda koʻp tomonlama hamkorligimizning kelgusi ustuvor yoʻnalishlarini belgilash uchun yaxshi imkoniyatdir. Barcha darajadagi munosabatlarning faolligi davlatlarimizning qardosh xalqlarining farovonligi va butun mintaqaning gullab-yashnashi yoʻlida samarali hamkorlik qilishga boʻlgan umumiy intilishini yaqqol koʻrsatmoqda», — dedi Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev.

U oʻzaro ishonchning mustahkamlangani va mintaqaviy hamkorlikning izchil rivojlanishi tufayli Markaziy Osiyo oʻzining zamonaviy tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrini boshdan kechirayotganini taʼkidladi.

«Ozarbayjonning maslahat uchrashuvlariga toʻla huquqli ishtirokchi sifatida qoʻshilishi hamkorligimizda yangi bosqichni boshlab berdi. Qoʻshma saʼy-harakatlar bilan siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish, investitsiya, energetika va sanoat yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yagona transport-logistika tizimini yaratish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda», — dedi Qozogʻiston Prezidenti.