
Davlatli tumanidagi «Tallymerjen» chorvachilik xo‘jaligi ijarachilari shu kunlarda chorvadan to‘l olish mavsumini muvaffaqiyatli yakunlash yo‘lida sidqidildan mehnat qilmoqdalar. Yaqinda biz chorvadorlarning ushbu mavsumdagi yutuqlari bilan yaqindan tanishish uchun Qizilqum yaylovlariga yo‘l oldik. Yashil libosga burkangan adirlarni tomosha qilib borarkanmiz, hamrohimiz — xo‘jalikning chorvachilik bo‘limi mudiri Jo‘raboy Chariyev chorvadorlarning olijanob mehnati va har yilgi yutuqlari haqida faxr bilan so‘zlab berdi:
— Xo‘jaligimizda 39 702 bosh chorva mavjud. Ular 126 nafar tajribali cho‘ponga ijaraga berilgan. Xoshgeldi Nepiyev, Perhat Jumaniyozov, Bobogeldi Eyeberdiyev, Agajan Xidirov kabi ustoz cho‘ponlar har yili yuqori mahsuldorlikka erishib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lmoqdalar. Bu yilgi natijalarimiz ham quvonarli. Viloyatimizdagi chorvachilik xo‘jaliklari orasida birinchilardan bo‘lib to‘l olish rejasini sharaf bilan ado etdik. Aniqrog‘i, 20 ming bosh ona qo‘yning har 100 boshidan rejadagi 95 o‘rniga 100 tadan qo‘zi oldik. Qo‘ylarning tug‘ishi hali davom etmoqda. Joriy yildagi maqsadimiz yanada yuqori — har 100 ona qo‘ydan 110 ta qo‘zi olishni kutmoqdamiz. Bahor yaxshi keldi, yomg‘ir yetarli bo‘lib, yaylovlar ko‘m-ko‘k o‘t bilan qoplandi. Ijarachi cho‘ponlarimiz chorva parvarishini susaytirmayaptilar.
Jo‘raboy og‘aning qiziqarli gurunglarini tinglab, tuman markazidan 45 kilometr uzoqlikdagi «Supali» deb ataladigan bahorgi yaylovga yetganimizni ham sezmay qoldik. Bu yerda bizni ota-bola Xoshgeldi va Methun Nepiyevlar ochiq chehra bilan kutib olishdi. Ular oilaviy bo‘lib ikkita qo‘y suruvini boqmoqdalar. Bu usta cho‘ponlar xo‘jalikda birinchilardan bo‘lib shartnomaviy majburiyatlarini ortig‘i bilan bajardilar. Ularning yuz-ko‘zidan mavsum natijalaridan mamnun ekanliklarini anglash qiyin emas.
Xoshgeldi og‘a o‘tlab yurgan qo‘ylarga faxr bilan boqib: — Biz cho‘ponlik kasbini avloddan-avlodga davom ettirib kelmoqdamiz. "Yetti xazina"dan biri bo‘lgan chorvachilik bilan shug‘ullanayotganimga 30 yil bo‘ldi. Yaxshi parvarish evaziga har yili yuqori mahsulot olamiz. Bu yil ham natijamiz yaxshi — har 100 ona qo‘ydan 108 ta qo‘zi olib, rejamizni ortig‘i bilan bajardik, — deydi faxr bilan.
Ha, yashil adirlarda sakrab yurgan qo‘zichoqlar tobora ko‘paymoqda. Bu esa mavsum oxiriga qadar chorva bosh sonining yanada ortishidan dalolat beradi.
Keywords