
Yaponiyaning mashhur «Toyota Motor» korporatsiyasi o‘zining eng ko‘p sotiladigan va dunyoga taniqli modellaridan biri bo‘lgan «Corolla» ishlab chiqarila boshlaganining 60 yillik yubileyi munosabati bilan yangi loyihani hayotga tatbiq etdi. Korporatsiya Yaponiya ichki avtomobil bozori uchun «Corolla» (sedan) va «Corolla Touring» (universal) modellarining maxsus «Active Sport» talqinini sotuvga chiqardi. Ma’lumki, birinchi avlod «Corolla» avtomobilini ishlab chiqarishga start berilganining 60 yillik shonli sanasi shu yilning 20-oktyabr kuni rasman nishonlanadi.
Avtomobilning «Active Sport» turkumi o‘zining dizayn xususiyatlari va sportcha uslubi bilan oddiy modellardan tubdan ajralib turadi. Mashinaning tashqi ko‘rinishida bamperlarning pastki qismlarida va yon ostonalarida maxsus aerodinamik elementlar joylashtirilgan. Shuningdek, yangi avtomobil 215/45 R17 o‘lchamli shinalar hamda qora rangli, ko‘p tarmoqli yengil qotishmali o‘ziga xos disklar bilan ta’minlangan.
Mashina salonining ichki qismida ham qulaylik va sport uslubidagi dizaynga katta e’tibor qaratilgan. Avtomobil ichidagi old panel to‘liq sun’iy charm bilan qoplangan bo‘lib, oyoq bosiladigan pedallarda alyuminiy qoplamalardan foydalanilgan. Salonning old qismini tana vaznini yaxshiroq ushlab turadigan yon tayanchli maxsus sport o‘rindiqlari va oyoq ostidagi yangi gilamchalar bezab turadi. Shuningdek, salonning bir nechta burchagida mashhur brendning 60 yillik yubileyi sharafiga tayyorlangan maxsus nishonlar va logotiplar joylashtirilgan.
Texnik jihatdan takomillashtirilgan ushbu modelda osma (podveska) tizimining yanada qattiqroq va barqarorroq sozlamalari qo‘llanilgan. Biroq, ushbu texnik afzallik faqat oldi tortuvchi modifikatsiyalarga tegishli bo‘lib, to‘liq tortuvchi (4WD) «Corolla Active Sport» modellarining osma tizimi o‘zining standart holatini saqlab qoladi.
Yangi model «parallel gibrid» tizimi bilan jihozlangan. U 1,8 litrli «2ZR-FXE» benzinli ichki yonuv dvigateli, variator va elektr dvigateldan iborat bo‘lib, tizimning umumiy quvvati 140 ot kuchiga tengdir. Avtomobilning to‘liq tortuvchi transmissiyasida «E-Four» tizimi qo‘llaniladi. Ushbu tizim orqa oqdagi alohida ixcham elektromotor yordamida, yo‘l sharoiti qiyinlashgan vaqtda (ayniqsa, joyidan qo‘zg‘algan lahzada va past tezliklarda) avtomobilning barqaror harakatini ta’minlaydi.
Yaponiya ichki bozorida «Toyota Corolla Active Sport» yubiley modelining boshlang‘ich narxi 3 231 800 iyen miqdorida belgilandi.
Keywords