O‘zbekistonning Andijon shahrida TURKSOYga a’zo davlatlarning IV xalqaro teatr festivali yakunlandi. Xalqaro ijodiy tanlovda Turkmanistonning Buyuk Saparmurat Turkmanboshi nomidagi Bosh akademik drama teatri jamoasi ishtirok etib, «Eng yaxshi sahna asari» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Turkmaniston Madaniyat vazirligi ma’lum qildi.
Festival doirasida turkman san’atkorlari taniqli turkman dramaturgi B. Annanov pyesasi asosida sahnalashtirilgan «Oq ot» spektaklini namoyish etdilar. Axaltaka tulporlarining shuhrati, turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni tarannum etuvchi sahna asari tomoshabinlar hamda hakamlar hay’atida katta taassurot qoldirdi.
Hakamlar hay’atining yakdil qaroriga ko‘ra, «Oq ot» spektakli tinchlik, insonparvarlik va do‘stlik mavzularini badiiy mahorat bilan yoritgani uchun «Eng yaxshi sahna asari» mukofotiga loyiq deb topildi. Turkmaniston teatr jamoasiga festival kubogi va maxsus diplom ham topshirildi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi uch yil davomida Turkmaniston teatr jamoalari TURKSOYga a’zo davlatlar o‘rtasida tashkil etiladigan xalqaro teatr festivallarida bosh mukofotlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ushbu yutuqlar turkman teatr san’atining xalqaro miqyosda tanilishiga va milliy madaniy merosning dunyo bo‘ylab targ‘ib etilishiga xizmat qilmoqda.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.