Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) 13-sammitida ishtirok etish maqsadida Turkiya Respublikasi poytaxti Anqara shahriga xizmat safari bilan keldi. Bu haqda «Reuters Connect» xabar berdi.
30-oktabr kuni Anqarada o‘tkazilishi rejalashtirilgan yuqori darajadagi uchrashuvda tashkilotga a’zo mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Sammit davomida ishtirokchilar TDT doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qiladilar.
Kun tartibidagi muhim masalalardan biri tashkilotga raislikni Turkiyadan Ozarbayjonga topshirish bo‘ladi. Shuningdek, hamkorlikni chuqurlashtirish va tashkilotning institutsional tuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar hamda qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Sammit yakunlari bo‘yicha Anqara deklaratsiyasini qabul qilish ham rejalashtirilgan. Ushbu hujjat turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.