
«Türkmenobahyzmat» davlat birlashmasining viloyatlardagi ishlab chiqarish birlashmalariga dunyoning yetakchi kompaniyalarining quvvatli yangi texnikalari yetib keldi. «Watan» axborot ko‘rsatuvida ta’kidlanganidek, yangi keltirilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari va ixtisoslashtirilgan transport vositalari joriy yilgi g‘alla o‘rimi mavsumini uyushqoqlik bilan, yuqori sifatli hamda qisqa muddatlarda o‘tkazishda qishloq xo‘jaligi xodimlariga katta yordam bo‘ladi.
Bug‘doy o‘rimi arafasida viloyatlarga keltirilgan ushbu birinchi turkumda zamonaviy g‘alla o‘rish kombaynlari, yoqilg‘i tashuvchi hamda yuk tashuvchi avtomashinalar bor. Texnikalarning moddiy-texnika bazasining muntazam ravishda yangilab borilishi yurtimiz g‘allakorlari va mexanizatorlarining ishini yanada engillashtirib, ularning barakali hosil yo‘lidagi mehnatiga katta turtki beradi.
Shu bilan bir vaqtda, hurmatli Prezidentimizning topshiriqlariga binoan, mamlakatda Davlat yer kadastri ma’lumotlarining yagona davlat geoinformatsion tizimining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni zamonaviylashtirish maqsadida Turkmaniston Qishloq xo‘jaligi vazirligining Yer resurslari xizmati uchun ham «Toyota» rusumli yengil avtomashinalar hamda turli xildagi eng yangi texnologik uskunalar sotib olindi.
Davlatimiz tomonidan muntazam ravishda sotib olinayotgan ushbu zamonaviy texnika va uskunalar mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini raqamli tizimga o‘tkazishda va uning salohiyatini yanada oshirishda alohida ahamiyatga egadir.
Keywords