Turkmaniston va Eron bojxona tartib-taomillarini tezlashtirish hamda Saraxs chegara o‘tkazish punktining o‘tkazish quvvatini oshirishga kelishib oldi. Tomonlar ushbu punkt orqali har kuni ikki mamlakat hududidan jami kamida 700 ta yuk avtomobilining o‘tishini ta’minlashni maqsad qilgan. Shuningdek, temir yo‘l orqali yuk tashishni kengaytirish va chegara infratuzilmasini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

«Vesti Kavkaza» nashrining Eron Bojxona ma’muriyati matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, tegishli masalalar ikki mamlakat bojxona organlari vakillarining Eronning Saraxs chegara o‘tkazish punktida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida muhokama qilingan.

Muzokaralarda Eron iqtisodiy ishlar va moliya vazirining o‘rinbosari, mamlakat Bojxona ma’muriyati bosh direktori Forud Asgari hamda Turkmaniston Davlat bojxona xizmati raisi Maksat Xudaykuliyev ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar Saraxs o‘tkazish punktidan o‘tadigan yuk avtomobillari sonini har bir tomondan kamida 350 taga yetkazishga kelishib oldilar. Shu tariqa, chegara o‘tkazish punkti orqali kuniga jami kamida 700 ta yuk avtomobilini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va savdo hamkorligini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi.

Muzokaralarning alohida yo‘nalishi temir yo‘l orqali yuk tashishni rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Turkmaniston va Eron Saraxs hududidagi temir yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish hamda yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Lotfobod chegara o‘tkazish punkti infratuzilmasini rivojlantirish va transport vositalarining o‘tishini yengillashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Forud Asgarining ta’kidlashicha, bojxona sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash tashqi savdo aylanmasining oshishiga va ikki mamlakatning xalqaro yuk tashishdagi rolini kengaytirishga yordam beradi. U Eronning qo‘shni davlatlar bilan tranzit transport yo‘laklari, savdo va bojxona boshqaruvi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ham qayd etdi.

Turkmaniston Davlat bojxona xizmati raisi Maksat Xudaykuliyev esa Turkmaniston va Eron o‘rtasidagi savdo hamkorligi izchil mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish va tashqi savdoni soddalashtirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiradi. Turkmaniston tomoni avtomobil va temir yo‘l transporti orqali yuk o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirishga tayyor.