2026-yil 28-oktabr kuni Markaziy Osiyo davlatlarining to‘rtinchi Parlamentlararo forumi doirasida Turkmaniston Mejlisining raisi Dunyagozel Gulmanova bilan Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Namoyandagon Majlisi raisi Fayzali Idizoda o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shakllarda rivojlanib borayotgan davlatlararo hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, parlament diplomatiyasi orqali do‘stona munosabatlarni mustahkamlashning ahamiyati ta’kidlandi.
Dunyagozel Gulmanova Turkmaniston va Tojikiston o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi. Xalqaro tashkilotlar doirasida tomonlarning bir-biri tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi o‘zaro munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatildi.
Uchrashuv davomida Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan «2028-yil — Xalqaro huquq yili» rezolyutsiyasining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur hujjat xalqaro huquqning rolini oshirish, global tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash hamda samarali ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shishi ta’kidlandi. Turkmaniston Mejlisining raisi tegishli rezolyutsiyaning qabul qilinishida Tojikiston tomonidan ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralarda parlamentlar o‘rtasida tajriba almashish, qonun ijodkorligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari va tegishli qo‘mitalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Dunyagozel Gulmanova Fayzali Idizoda va Tojikiston parlamenti vakillarini Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadbirlarda ishtirok etishga taklif qildi. Ular qatoriga «YEXHT doirasida muloqot, ishonch va xavfsizlik manfaatlari yo‘lida xalqaro huquqni ilgari surish» mavzusidagi uchinchi Ashxobod konferensiyasi, Turkmanistonning 2026-yilda MDHga raisligi doirasida MDH Parlamentlararo assambleyasi Kengashining majlisi hamda Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvi kiradi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.