Turkmanistonda 1-avgustdan maktab bozorlari oʻz ishini boshlaydi!
1 daqiqa o'qish

Yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish maqsadida 1-avgustdan boshlab Turkmanistonning barcha viloyatlari, tumanlari, shuningdek, Ashxobod va Arkadag shaharlarida maktab anjomlari va toʻqimachilik mahsulotlari sotiladigan maxsus savdo nuqtalari faoliyat boshlaydi.
Turkmanistonda 1-avgustdan boshlab anʼanaviy maktab bozorlari oʻz ishini boshlaydi. Bu haqda raqamli tizim orqali oʻtkazilgan Hukumat yigʻilishida bosh vazir oʻrinbosari N. Atagulyyev yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish va maktab mollarini sotishni tashkil etish borasidagi ishlar yuzasidan qilgan hisobotida maʼlum qildi.
«Watan» axborot dasturida xabar berilishicha, oʻquvchilar va talabalar uchun zarur boʻlgan mahsulotlar savdosini uyushtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Savdo nuqtalarida oʻquv qurollari va boshqa turdagi toʻqimachilik mahsulotlarini aholiga yetkazib berish koʻzda tutilgan. Shuningdek, bosh vazir oʻrinbosari maktab buyumlari savdosini mamlakatning barcha viloyatlari, tumanlari, shuningdek, Ashxobod va Arkadag shaharlarida joriy yilning 1-avgustidan boshlab tashkil etishni taklif qildi.
Turkmaniston Prezidenti hisobotni tinglab, aholining har xil turdagi maktab mollariga boʻlgan ehtiyojini oʻrganib, yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik doirasida koʻchma savdo nuqtalarini tashkil etish muhimligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan davlat rahbari bu boradagi taklifni maʼqullab, bosh vazir oʻrinbosariga tegishli ishlarni amalga oshirishni topshirdi.






Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.