
Turkmanistonda xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda 3-iyun kuni nishonlanadigan Butunjahon velosiped kuni munosabati bilan bir qator ommaviy tadbirlar va sport musobaqalari tashkil etiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari B. Mammedovning 22-may kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida bergan hisobotiga ko‘ra, 3-iyun kuni poytaxtimizda katta hajmdagi ommaviy velosiped yurishini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bayram munosabati bilan 30-aprel — 3-iyun oralig‘ida mamlakatimiz viloyatlarida, Ashgobod va Arkadag shaharlarida velokrosslar, turli sport musobaqalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari rejalashtirilgan.
Hukumat yig‘ilishi davomida Muhtaram Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedov hisobotni tinglab, Butunjahon velosiped kuni sog‘lom va baxtli hayotni tarannum etuvchi xalqaro sport bayrami ekanligini alohida ta’kidladi. Davlatimiz Rahbari rejalashtirilgan barcha jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yuqori tashkilotchilik darajasida o‘tkazishni topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Butunjahon velosiped kuni Turkmaniston tashabbusi bilan 2018-yilning aprel oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida joriy etilgan edi. Bundan tashqari, 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida yana mamlakatimiz taklifi bilan «Barqaror rivojlanishga erishish uchun ommaviy velosiped harakatini jamoat transporti tizimlariga integratsiya qilish» to‘g‘risidagi Rezolyutsiya a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilingan edi.
Ekologik jihatdan toza sport turi bo‘lgan velosiped sporti dunyoda, ayniqsa, ommaviy sog‘lomlashtirish harakati rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shayotgan Turkmanistonda yildan-yilga yanada keng ommalashib bormoqda.
Keywords