Turkman qishloq xo‘jaligi institutining Amaliy mexanika kafedrasi mamlakat oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida nazariy mexanika bo‘yicha VI internet fan tanlovini o‘tkazadi. Tanlov 30-oktabr kuni soat 14:00 da boshlanadi. Unda qatnashish uchun arizalar 22-oktabrgacha qabul qilinadi.
Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad talabalarning nazariy mexanika bo‘yicha tayyorgarlik darajasini aniqlash, bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda chuqurlashtirish, shuningdek, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga rag‘batlantirishdan iborat.
Shuningdek, tanlov oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirish, ilmiy ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi ilmiy fikr almashinuvlarini kengaytirishga qaratilgan. Bundan tashqari, xalqaro fan tanlovlarida oliy ta’lim muassasalari nomidan ishtirok eta oladigan iqtidorli talabalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Kimlar qatnashishi mumkin?
Tanlovda Turkmaniston oliy ta’lim muassasalarining barcha yo‘nalish va mutaxassisliklari bo‘yicha 1-, 2- va 3-kurs talabalari ishtirok etishi mumkin.
Har bir oliy ta’lim muassasasi besh nafardan ko‘p bo‘lmagan talabadan iborat jamoa bilan qatnashishi mumkin. Ishtirokchi talabalar va ularga rahbarlik qiluvchi o‘qituvchi haqidagi ma’lumotlar 22-oktabrgacha tohi_tm@sanly.tm elektron pochta manziliga yuborilishi kerak.
Ma’lumotda fakultet, mutaxassislik va o‘quv yili nomi, ishtirokchilarning familiyasi va ismi, jamoa rahbarining familiyasi va ismi, u ishlaydigan kafedra, elektron pochta manzili hamda telefon raqami ko‘rsatilishi lozim.
Tanlov qanday o‘tkaziladi?
Tanlov individual hisob asosida test shaklida o‘tkaziladi. Ishtirokchilarga jami 50 ta topshiriq beriladi. Shundan 30 tasi 1 balldan baholanadigan test savollari, 20 tasi esa 2 balldan baholanadigan test masalalaridan iborat.
Topshiriqlarni bajarish uchun 120 daqiqa vaqt beriladi.
Tanlovning o‘tkazilish jarayoni Zoom dasturi orqali nazorat qilinadi. Test topshiriqlari Turkman qishloq xo‘jaligi institutining www.tohi.edu.tm veb-saytidagi maxsus bo‘limga joylashtiriladi.
Tanlov davomida aloqa vositalari, foto, audio va video uskunalari, yordamchi vositalar hamda axborot tashuvchilardan foydalanish taqiqlanadi. Tashqaridan yordam olgan, boshqa ishtirokchilar bilan gaplashgan yoki kitob va gazetalardan foydalangan ishtirokchi tanlovdan chetlashtiriladi.
G‘oliblar qanday aniqlanadi?
Tanlov hay’ati Turkman qishloq xo‘jaligi instituti vakillaridan tuziladi. Hay’at a’zolari ishtirokchilar bajargan ishlarni baholab, natijalarni umumlashtiradi.
Hay’at qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda, apellyatsiya bilan faqat jamoa rahbari elektron pochta orqali murojaat qilishi mumkin. Yakuniy qarorni hay’at raisi qabul qiladi va ushbu qaror qayta ko‘rib chiqilmaydi.
G‘oliblar to‘plangan ballarning umumiy miqdori bo‘yicha ham individual, ham jamoaviy hisobda aniqlanadi. Sovrinli o‘rinlar soni ishtirokchilarning umumiy soniga qarab quyidagicha taqsimlanadi:
ishtirokchilarning 5 foiziga — I darajali diplom;
10 foiziga — II darajali diplom;
15 foiziga — III darajali diplom topshiriladi.
Tanlov natijalari www.tohi.edu.tm veb-saytining maxsus bo‘limiga joylashtiriladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
Turkman qishloq xo‘jaligi institutining tashkiliy guruhi:
+993 63 887557, +993 65 931638
E-mail: tohi_tm@sanly.tm







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.