
Turkmaniston Ta’lim vazirligi o‘quv jarayonida o‘quvchilarning shaxsiy mobil texnik vositalaridan foydalanishini tartibga soluvchi yangi tartibni rasmiy ravishda tasdiqladi. Tegishli buyruq (№197) Turkmaniston ta’lim vaziri Jumamurat Gurbangeldiyev tomonidan imzolangan. Hujjat 2026 yil 3 iyunda Turkmaniston Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Yangi qoidalar Turkmanistonning «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan. Ularning asosiy maqsadi zamonaviy raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish, shuningdek o‘quvchilarning sog‘ligini himoya qilish va o‘quv tartibini saqlashdan iborat. Qoidalar mamlakatdagi barcha davlat va xususiy ta’lim muassasalari uchun majburiy hisoblanadi.
Shaxsiy mobil qurilmalar ta’rifi
Hujjatga ko‘ra, shaxsiy mobil texnik vositalar deb aloqa, internetga kirish, foto-, video- va audioyozuv imkoniyatlariga ega barcha elektron qurilmalar tushuniladi. Ularga mobil telefonlar, smartfonlar, planshetlar, noutbuklar va aqlli soatlar kiradi.
Foydalanish qoidalari
Yangi tartibga ko‘ra, ta’lim muassasalarida mobil qurilmalardan faqat o‘quv maqsadlarida va pedagog xodimlarning ruxsati bilan foydalanishga ruxsat beriladi. Dars vaqtida qurilmalar “jim” yoki “parvoz rejimi”da bo‘lishi shart.
Shuningdek, o‘quvchilar va xodimlarning ruxsatisiz foto, video yoki audio yozuv olish taqiqlanadi. Ta’lim muassasalarida qurilmalar uchun maxsus saqlash joylarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Raqamli imkoniyatlar
Hujjat mobil qurilmalarning ta’lim tizimida foydali vosita sifatida qo‘llanilishini ham nazarda tutadi. Ular orqali:
— elektron ta’lim platformalariga kirish;
— multimedia materiallardan foydalanish;
— audio, video va grafik ma’lumotlarni o‘rganish;
— elektron darsliklar va o‘quv materiallari bilan ishlash;
— raqamli topshiriqlarni bajarish va nazorat qilish mumkin.
Qurilmalarni ta’lim tizimlariga IT mutaxassislari yoki informatika o‘qituvchilari yordamida integratsiya qilish rejalashtirilgan.
Xavfsizlik va tarbiyaviy normalar
Hujjatda mobil qurilmalardan ortiqcha foydalanish o‘quvchilarning sog‘ligiga ta’siri masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu munosabat bilan ta’lim muassasalari o‘quvchilar va ota-onalar bilan raqamli vositalardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishi kerak.
Shuningdek, zararli axborotlardan himoya, axloqiy me’yorlarga rioya qilish va agressiv hamda xavfli kontentdan uzoq turish talablari belgilangan.
Yangi tartib raqamli texnologiyalarni ta’lim tizimiga samarali va xavfsiz joriy etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanadi.
Keywords