Turkmanistonda muhim qishloq xo‘jaligi mavsumi — paxta yig‘im-terimiga start berildi. 28-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Turkmaniston Prezidenti paxta yig‘im-terim mavsumini 9-sentabrda boshlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Kecha davlat rahbarining oq fotihasi bilan mamlakatning barcha hududlaridagi dehqonlar paxta yig‘im-terimiga birgalikda kirishdilar.
AHALDA
Ahal viloyatining paxta yetishtirilgan 135 ming gektar maydonidan 280 ming tonna «oq oltin» hosili olib, Vatan xirmoniga hissa qo‘shishni maqsad qilgan qishloq mehnatkashlari mavsumga puxta tayyorgarlik bilan kirishdilar. «Ahalpagta» ishlab chiqarish birlashmasi tasarrufidagi 8 ta paxta tozalash korxonasi va 19 ta qabul xirmoni to‘liq tayyor holatga keltirildi. Hosilni tashishga 1100 ga yaqin avtomobil jalb etiladi. Mavsum davomida «Ahalobahyzmat» ishlab chiqarish birlashmasi tasarrufidagi 217 ta kuchli paxta terish kombayni paxtakorlar ixtiyorida bo‘ladi.
BALKANDA
Mas’uliyatli mavsumda Bolqon zaminida 18 ta paxta terish kombayni va yig‘ilgan hosilni tashish uchun 90 dan ortiq avtomobil uzluksiz ishlaydi. Bu viloyatda 13 ming gektar maydonda yetishtirilgan g‘o‘zadan 16 ming tonna «oq oltin» hosilini olish bo‘yicha rejaning munosib bajarilishi uchun katta imkoniyat yaratadi.
DASHOG‘UZDA
Hudud bo‘yicha 140 ming gektar maydonda mo‘l paxta hosili yetishtirildi. Yerga tushgan yulduzlarni eslatuvchi paxta dalalari 275 ming tonnalik marraga albatta erishilishiga katta ishonch uyg‘otmoqda. Bu ishda 200 dan ortiq paxta terish kombaynlaridan foydalanilmoqda. Shu maqsadda 50 ming gektar maydonda g‘o‘za barglarini to‘ktirish ishlari amalga oshirildi. Yig‘ilgan hosil mahalliy 10 ta paxta tozalash korxonasi va 47 ta xirmonda kecha-kunduz uzluksiz qabul qilinadi.
LEBAPDA
Bu yil Lebap zaminida 130 ming gektar maydondan 320 ming tonna paxta hosilini yig‘ib olish rejalashtirilmoqda. Mavsumning yuqori sur’atlarda olib borilishini ta’minlash uchun «John Deere» rusumidagi 218 ta paxta terish kombayni ishga jalb etiladi. Yig‘ilgan hosil viloyatdagi 11 ta paxta tozalash korxonasi hamda 38 ta xirmonda qabul qilinadi. Ularda hosilni uzluksiz qabul qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash va belgilangan tartibda joylashtirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
MARYDA
Buyuk Mustaqilligimizning 35 yilligi nishonlanayotgan joriy yilda Mary viloyatining paxtakor dehqonlari 162 ming gektar maydonga mahalliy tuproq va iqlim sharoitida yuqori hosil beruvchi, kasalliklarga chidamli o‘rta tolali «Ýolöten — 7», «Ýolöten — 39» hamda ingichka tolali «Ýolöten — 14» navlarini ekib, mo‘l hosil yetishtirdilar. Ular 359 ming tonna «oq oltin» hosilini davlat xirmoniga topshirishni maqsad qilganlar. Buning uchun 224 ta paxta terish kombayni uzluksiz ishlaydi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.