Turkmanistonda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, o‘quv jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda yoshlarning zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda. Bu yo‘nalishda raqamli ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish, elektron o‘quv resurslaridan keng foydalanish va xalqaro ta’lim tajribasini joriy etishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Turkmanistonning raqamli ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, o‘quv jarayonida interaktiv usullardan foydalanish, ta’limga oid elektron ma’lumotlar bazasini yaratish hamda oliy ta’lim muassasalarini yagona ta’lim tarmog‘iga ulash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Dovletmämmet Azadi nomidagi Turkman milliy jahon tillari institutida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Oliy ta’lim muassasasida zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish va o‘qitish metodikasini takomillashtirish maqsadida ilmiy-amaliy konferensiyalar, o‘quv seminarlari va turli tadbirlar muntazam tashkil etilmoqda. O‘qituvchilarning faoliyati talabalar kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirish hamda o‘quv jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan.
Institutning o‘quv jarayonida, ayniqsa, filologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga adabiyot fanini o‘qitishda yangi usullardan foydalanilmoqda. Badiiy asarlarni, jumladan, mumtoz adabiyotni o‘rganishda raqamli texnologiyalar, ko‘rgazmali vositalar va interaktiv topshiriqlardan foydalanish darslar mazmunini boyitib, talabalarning fanlarga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.
Raqamli vositalarni fikr almashish va erkin munozaralar bilan uyg‘unlashtirish talabalarga badiiy asarlar mazmunini yanada chuqurroq anglash, til ko‘nikmalarini rivojlantirish va tahliliy qobiliyatlarini takomillashtirishga yordam beradi. Bunda raqamli texnologiyalar badiiy asarlarni mustaqil o‘qishning o‘rnini bosmasligi alohida ta’kidlanadi. Ularning asosiy vazifasi talabalarda mustaqil fikrlash, axborotni tahlil qilish, tanqidiy qarashni shakllantirish va o‘z fikrlarini dalillar bilan bayon etish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
O‘quv jarayonida nazariy bilimlarni kelajakdagi kasbiy faoliyat bilan bog‘lashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Talabalar qiyosiy tavsiflar tayyorlash, adabiy taqrizlar yozish va turli xil o‘quv topshiriqlarini bajarish orqali olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llashni o‘rganadilar.
Raqamli texnologiyalarning ta’lim jarayoniga joriy etilishi yosh mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish, ularning raqamli savodxonligi va madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun muhim shart hisoblanadi. Bunday yondashuv milliy ta’lim tizimining xalqaro tajribalar bilan uyg‘un holda rivojlanishiga ham imkon yaratadi.
Dovletmämmet Azadi nomidagi Turkman milliy jahon tillari institutida olib borilayotgan ishlar zamonaviy talablarga javob beradigan, ilmiy-tadqiqot va pedagogik faoliyatga qodir, lingvistik hamda adabiy tahlil usullarini o‘zlashtirgan yosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Shuningdek, raqamli ta’lim resurslari, o‘quv dasturlari va ma’rifiy loyihalarni rivojlantirish orqali mamlakat ta’lim tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shilmoqda.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.