Turkmanistonda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda xalqaro huquq asoslarini chuqur o‘rgatish maqsadida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida yangi ta’lim dasturlari amalga oshiriladi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining majlisida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov xalqaro huquq tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lum qildi.

Yangi tashabbus Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan «2028-yil — Xalqaro huquq yili» rezolyutsiyasi qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan.

Dastur doirasida mamlakatning oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida BMT Nizomi, uning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi o‘rni, shuningdek, xalqaro huquq me’yorlarining rivojlanishi bo‘yicha maxsus darslar, ochiq ma’ruzalar va uchrashuvlar tashkil etiladi.

Shuningdek, xalqaro huquq bo‘yicha mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, axborot materiallarini tayyorlash hamda elektron ta’lim resurslarini yaratish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, yoshlarning xalqaro huquqqa qiziqishini oshirish maqsadida «Xalqaro huquq haftaligi»ni o‘tkazish, BMT faoliyatini modellashtiruvchi o‘quv konferensiyalarini tashkil etish, shuningdek, xalqaro huquqning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy ishlar, maqolalar va insholar tanlovlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Yangi ta’lim tashabbusi yosh avlodning xalqaro munosabatlar, diplomatiya va huquq sohalaridagi bilimlarini kengaytirishga, zamonaviy xalqaro huquq tizimini chuqurroq tushunishiga imkon yaratadi.