
Fransiyaning Muluz shahri yaqinida joylashgan «EuroAirport Basel-Mulhouse-Freiburg» xalqaro aeroporti bir vaqtning o‘zida uchta davlatga borish mumkinligi bilan ajralib turadigan dunyodagi yagona aeroportdir. Ushbu xalqaro aeroport Shveysariyaning Bazel, Fransiyaning Muluz va Germaniyaning Frayburg shaharlarining qo‘shma havo bandargohi hisoblanadi. Bazeldan 6 kilometr, Muluzdan 22 kilometr va Frayburgdan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan aeroportga kelgan yo‘lovchilar istalgan uchta davlatga kirishlari mumkin. Fransiyaning hududida joylashganiga qaramay, Shveysariyaning Bazel shahri bojxona hududiga tegishli hisoblangan aeroportning maqomi 1946-yilda ushbu uch davlat o‘rtasida imzolangan shartnoma bilan belgilangan. Hech qanday bojxona yoki chegara cheklovlarisiz uchala davlat hududidan ham aeroportga borish imkoniyati mavjud. Shveysariyaning 2009-yilda Shengen shartnomasiga qo‘shilishi bilan Shengen va boshqa hududlardan kelgan yo‘lovchilar uchun qoidalar alohida tartibga solinadi.
«EuroAirport»ning g‘ayritabiiy maqomi tufayli uchta IATA (Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi) kodi mavjud – BSL (Bazel), MLH (Muluz) va EAP (EuroAirport). Ma’lumki, har bir xalqaro aeroportga IATA tomonidan uch harfli kod beriladi. 1930-yilda Shveysariya va Fransiya birgalikda aeroport qurilishi tashabbusini ilgari suradilar. O‘tkazilgan muzokaralar natijasida uning joyi aniqlanib, 1946-yilda qurilish ishlari boshlanadi. Shunday qilib, Fransiyaning Blotsaym shahridan 4 kilometr shimolda 1 ming 200 metrli uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega aeroport quriladi. 1951-53 yillar oralig‘ida aeroport kengaytiriladi va uchish-qo‘nish yo‘lagining uzunligi 1 ming 600 metrga yetkaziladi hamda «Zollfreistrasse» (bojxonasiz avtoyo‘l) quriladi. Bu esa Bazeldan Fransiya chegara nazoratidan o‘tmasdan aeroportga borish imkonini beradi.
1960-yilda Bazelda referendum o‘tkazilib, aeroport hududi kengaytiriladi. Shundan keyingi yillarda aeroport terminallari va uchish-qo‘nish yo‘lagi yanada uzaytiriladi. 1972-yilda shimol-janub uchish-qo‘nish yo‘lagi 3 ming 900 metrgacha uzaytiriladi. 1984-yilda aeroport yo‘lovchilari soni 1 millionga yetadi. 1987-yilda rasmiy nomi «EuroAirport Basel-Mulhouse-Freiburg» deb o‘zgartirilgan aeroportning yo‘lovchi soni 1992-yilda 2 millionga, 1998-yilda esa 3 millionga yetadi. 2004-yilda arzon narxdagi xizmatlarni taklif qiluvchi «EasyJet» aviakompaniyasining bu yerda yangi markaz ochishi bilan yo‘lovchilar soni yanada ortib, 2006-yilda 4 millionga yetadi. Aeroportdan muntazam yo‘lovchi qatnovlari bilan bir qatorda sayyohlik mavsumida maxsus reyslar ham yo‘lga qo‘yiladi. Aeroportda Germaniya, Fransiya va Shveysariyaga chiqiladigan eshiklar mavjud.
Keywords