
Xalach tumanining “Chohpetde” dehqon birlashmasining g‘ayratli paxtakorlari g‘o‘za ekishini erta muddatlarda va yuqori sifatli yakunlab, dalalarda yaxshi unib chiqishni ta’minlashga muvaffaq bo‘ldilar. Hozirgi vaqtda xo‘jalikning g‘o‘za maydonlarida qator oralariga ishlov berish va ekinlarni puxta parvarish qilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ushbu muhim agrotexnik tadbirda dehqon birlashmasining hamda tumanning “Obahyzmat” ishlab chiqarish korxonasining usta mexanizatorlari paxtakorlarga yaqindan ko‘maklashmoqdalar.
O‘z ishining ustalari bo‘lgan mexanizatorlardan Shanazar Abdullayev, Batyr Xudaynazarov va Jumamurat Jumayev kabi mutaxassislar parvarishlash davrida katta g‘ayrat ko‘rsatib, har biri kuniga 8–9 gektar maydonda yuqori sifatli ishlarni bajarmoqdalar hamda kasbdoshlariga namuna bo‘lmoqdalar.
Ushbu mavsumda Go‘zel Kadirovaning rahbarligidagi 1-sonli, Gandimguli Bayekovning rahbarligidagi 2-sonli va Rozigeldi Akiyevning rahbarligidagi 4-sonli ijarachilar jamoalari ko‘proq oldinga chiqishni uddaladilar. Tumanning ilg‘orlari qatorida turgan ushbu jamoalarning hosil ustalari g‘o‘za qator oralarini yumshatib, ekinlarni mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlarini uyushqoqlik bilan olib bormoqdalar.
Dehqon birlashmasining iqtisodchisi Almaz Xudaykulovning ta’kidlashicha, xo‘jalik bo‘yicha shu yil 1010 gektar yerga g‘o‘zaning “Yoloten-39” va O‘zbekiston Respublikasining “Buxoro-10” navli urug‘lari ekildi. Paxtakor ijarachilar ushbu maydondan jami 3110 tonna “oq oltin” yetishtirib, Vatan xirmaniga topshirishni maqsad qilganlar.
Xo‘jalikning ilg‘or va tajribali ijarachilari bo‘lgan Ayjemal Abdullayeva, Akjagul Bayekova va Merdan Akiyevlar o‘tgan yili har gektardan 40 tsentnerdan ortiq hosil olgan edilar. Ularning bu yilgi asosiy maqsadi esa g‘o‘za qator oralariga ishlov berish va o‘tash ishlarini o‘z vaqtida bajarib, har gektarning hosildorligini 45–50 tsentnerga yetkazishdan iboratdir. G‘ayratli dehqonlarning mehnati singgan dalalarda sog‘lom o‘sayotgan g‘o‘zalar mo‘l hosil poydevori mustahkam qo‘yilganligidan darak bermoqda.
Keywords