«Xiaomi» kompaniyasi jahon bozori uchun mo‘ljallangan yangi POCO X8 smartfonini rasman taqdim etdi. O‘rta toifadagi qurilmalar qatoriga kiruvchi yangi modelning asosiy xususiyati uzoq vaqt ishlash imkonini beruvchi quvvatli batareyasidir.
POCO X8 smartfoni 8340 mA·s sig‘imli kremniy-uglerod texnologiyali batareya bilan ta’minlangan. Qurilma 67 Vt quvvatga ega tez quvvatlash tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Ishlab chiqaruvchining ma’lumotlariga ko‘ra, batareya 1600 marta quvvatlangandan keyin ham o‘zining dastlabki sig‘imining kamida 80 foizini saqlab qolishga qodir.
Yangi smartfonda 6,83 dyuymli AMOLED displeyidan foydalanilgan. 120 Gs yangilanish chastotasiga ega bo‘lgan ekran Gorilla Glass Victus 2 himoya oynasi bilan qoplangan.
Qurilmaning ishlash unumdorligini energiyani tejovchi Snapdragon 6s Gen 4 protsessori ta’minlaydi. Kamera tizimida optik tasvir barqarorlashtirgichiga ega 50 megapikselli asosiy kamera va 16 megapikselli old kamera joylashtirilgan.
POCO X8 korpusi ham yuqori darajadagi himoyasi bilan ajralib turadi. Smartfon IP68 va IP69K standartlariga muvofiq suv va chang ta’siriga qarshi kuchaytirilgan tuzilishga ega.
Yangi qurilma Android 16 operatsion tizimi hamda «Xiaomi»ning HyperOS 3 interfeysi asosida ishlaydi. Smartfon qora, oq va to‘q sariq ranglarda sotuvga chiqariladi.
Quvvatli batareyasi, mustahkam korpusi va zamonaviy texnik xususiyatlari bilan POCO X8 uzoq vaqt quvvatsiz ishlashi kerak bo‘lgan foydalanuvchilar, jumladan, sayohat, ish va o‘yin-kulgi uchun ishonchli smartfon qidirayotganlar uchun mo‘ljallangan.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.