17–19-oktabr kunlari Xitoyning Changsha shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bir necha davlatning diplomatik vakillari, yirik korxonalar rahbarlari va ekspertlarni o‘z ichiga olgan 300 nafardan ortiq ishtirokchini jamlagan forum sanoat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishga bag‘ishlandi.

Tadbir tashkilotchilari hamkorlikning oltita ustuvor yo‘nalishini taqdim etdilar. Ular qatoriga qurilish texnikasi, biotibbiyot, infratuzilma qurilishi, energetika, mineral resurslar, transchegaraviy logistika va standartlarni o‘zaro tan olish kiradi.

Konferensiya ishtirokchilarining alohida e’tiborini Markaziy Osiyo mamlakatlarida amalga oshirish uchun tayyorlangan 66 ta asosiy investitsiya loyihasi tortdi. Ushbu loyihalar tabiiy resurslarni o‘zlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, ekologik muhandislik va zamonaviy texnologik tizimlarni joriy etish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Konferensiya doirasida Shaoyang shahri tadbirkorlari delegatsiyasi «Beixi International» kompaniyasi raisi Li Yi boshchiligida xorijiy hamkorlar bilan bir qator maqsadli muzokaralar o‘tkazdi. Xitoylik tadbirkorlar Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi normativ-huquqiy sharoitlarni hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini o‘rgandilar. Ular «Markaziy Osiyo resurslari va Xitoy korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlari» tamoyiliga asoslangan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.

Forum ishtirokchilarining ta’kidlashicha, transport-logistika yo‘laklarini mustahkamlash o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining barqaror o‘sishi va uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.