Yevropa hozirda keng ko‘lamli va xavfli o‘rmon yong‘inlari mavsumini boshdan kechirmoqda. BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (UNECE) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon Yevropada 434 ming gektardan ortiq o‘rmon maydoni yong‘in natijasida yonib ketgan.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri Fransiyaning Jironda mintaqasi bo‘ldi. Bu yerda qariyb 42 ming gektar qarag‘ay o‘rmoni yonib ketdi, minglab aholi va sayyohlar xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Ispaniyada ham so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir o‘rmon yong‘inlari mavsumi kuzatilmoqda va yong‘indan zarar ko‘rgan maydon 200 ming gektardan oshdi. Yevropa Ittifoqi avgust oyining boshlarida kuchli issiq, qurg‘oqchilik va shamollar sabab Gretsiya hamda Italiya kabi mamlakatlarda yong‘in xavfi yuqori bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘rmon yong‘inlarining qariyb 90 foizi inson omili bilan bog‘liq. Shu bois aholi ekologik savodxonligini oshirish, yong‘inlarni erta aniqlash tizimlarini takomillashtirish hamda o‘rmonlarni barqaror boshqarish kabi profilaktik choralar muhim ahamiyat kasb etadi. O‘rmon yong‘inlari nafaqat tabiat va iqtisodiyotga, balki inson salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, havoning ifloslanishi va global isishning kuchayishiga olib kelmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.