Oq uyda Krishtianu Ronaldu va Donald Tramp uchrashdi
Portugaliya terma jamoasi va Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashdi. Bu haqda futbolchining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berildi.
Oq uy matbuot xizmati uchrashuv videosini «Ikki buyuk. CR7 x 45/47» degan yozuv bilan e’lon qildi. Bu yerda CR7 — futbolchining mashhur laqabi, 45/47 esa Trampning prezidentlik muddatlarini anglatadi.
Ronaldu Saudiy Arabiston valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning tashrifiga bag‘ishlangan rasmiy kechki ovqatda ishtirok etdi. Futbolchi tadbirga maxsus mehmon sifatida taklif qilindi.
40 yoshli Ronaldu 2023 yildan beri “Al-Nasr” klubida o‘ynab keladi. Uning eng katta shuhrati “Manchester Yunayted” va “Real Madrid” jamoalaridagi faoliyati bilan bog‘liq. Portugaliyalik hujumchi besh karra “Oltin to‘p” sovrindori hisoblanadi.
