Rossiyadan Eronga birinchi yuk po‘ezdi Turkmaniston orqali o‘tdi
Rossiyaning birinchi yuk po‘ezdi Qozog‘iston va Turkmaniston hududidan o‘tib, Eron poytaxtidagi “Aprin” quruq portiga yetib bordi. Bu haqda Eronning ISNA axborot agentligi xabar berdi.
Po‘ezd tarkibida 62 ta 40 futlik dengiz konteyneri bor bo‘lib, unda qog‘oz, selluloza va boshqa qog‘oz mahsulotlari mavjud. Ushbu mahsulotlarning yakuniy manzillari Eron va Iroqning turli hududlari hisoblanadi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, po‘ezd Eron va Turkmaniston chegarasini Eronning Inche-Burun shahrida kesib o‘tib, 12 kunda Tehronga yetibdi.
Eron temir yo‘l tashkiloti bosh direktori o‘rinbosari Morteza Jafari ta’kidlashicha, hozirda Eronga Rossiyadan o‘rtacha har 10 kunda bir tranzit konteyner po‘ezdi kelib turadi. Shu kabi po‘ezdlar sonini oshirish ishlari olib borilmoqda.
«Mintaqadagi va MDH mamlakatlari bilan muvofiqlashtirilgan hamkorlik orqali biz Eronni qo‘shni davlatlar orasida eksport, import va tranzit markaziga aylantirishga intilmoqdamiz», — dedi u.
ISNA agentligi ta’kidlaganidek, bu qadam Eron, Rossiya va Markaziy Osiyo qo‘shni davlatlari o‘rtasida po‘ezd qatnovining muntazam yo‘lga qo‘yilishini boshlaydi.
